23:00 / 06.04.2016
2130

IKEA HTC ko‘zoynaklari uchun virtual oshxona yaratdi

Virtual reallik texnologiyasi o‘zida saqlayotgan salohiyat yirik biznesni o‘ziga jalb qilishni boshladi. VR-tizimlarga uy uchun mebel va tovarlar sotuvchi tarmoq IKEA qiziqish bildira boshladi. Kompaniya joriy haftada endigina xaridorlarga yetkazila boshlagan HTC Vive virtual reallik ko‘zoynaklariga mini-o‘yin chiqardi.

IKEA VR Experience – eksperimental dastur bo‘lib, Epic Games studiyasining Unreal Engine 4 dvijogi negizida yaratilgan. Buning evaziga foydalanuvchilar virtual fazo bo‘yicha sayr qilib, IKEA mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Hozircha bunday sayrni amalga oshirish uchun bittagina virtual xona bo‘lib, u haqiqiysidan deyarli farq qilmaydigan 3D-oshxonadan iborat. HTC’ning VR-ko‘zoynaklarini taqib, foydalanuvchilar xona bo‘ylab erkin yura olishlari, mebel jihozlarining rangi va qoplamasini o‘zgartirishlari hamda intererni yosh bola yoki katta yoshli odamning bo‘yi balandligidan ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, VR Experience turli joylarga "teleportlash" (ko‘chish) va ba'zi anjomlar bilan turli harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi. Misol uchun, tovani qo‘lga olib, uni plita ustiga qo‘yish yoki meva po‘chog‘ini chiqindi chelagiga tashlash mumkin bo‘ladi.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, VR Experience – pilot loyiha bo‘lib, 2016 yil avgustigacha amalda bo‘ladi. Agar bu loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, IKEA ehtimol boshqa 3D-xonalarni ham yaratishi mumkin bo‘ladi. Dasturni Steam o‘yin katalogidan bepul yuklab olish mumkin.

Top