14:33 / 06.04.2016
1665

Sog‘liqni saqlash vazirligida korrupsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi

Bosh prokuratura tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligida «Korrupsiya — milliy xavfsizlikka tahdid» targ‘ibot tadbirlari dasturi doirasida sog‘liqni saqlash sohasidagi suiiste'molchiliklar va korrupsiyaning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda vazirlik rahbariyati, barcha tarkibiy tarmoqlari boshliqlari, hududiy boshqarmalar, shuningdek, Toshkent shahar va Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Bosh prokuratura vakili tomonidan sog‘liqni saqlash muassasalarida qonuniylik holati, qonunbuzilishlar hamda bunga imkoniyat yaratgan shart-sharoitlarning tahlili natijalari yuzasidan ma'ruza qilindi.

Tadbir qatnashchilariga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumot taqdim qilinib, qonunchilik talablari haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tadbirda Ichki ishlar vazirligi hamda Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazi vakillari ham uchrashuv mavzusi bo‘yicha ma'ruza qildilar.

Sog‘liqni saqlash muassasalarida qonuniylikni ta'minlash borasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish natijalariga ko‘ra, kelgusida profilaktika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan hamkorlikdagi kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Bunday tadbirlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqarmalarining barcha xodimlari o‘rtasida o‘tkazish rejalashtirib olindi.

Top