22:04 / 07.04.2016
1611

Shvetsiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi nomi ma'lum qilindi

Shvetsiya futbol federatsiyasi milliy terma jamoaning keyingi bosh murabbiyi nomini e'lon qildi. Qirollik termasiga shu vaqtgacha "Norrcheping" jamoasida ishlab kelgan Yanne Andersson bosh murabbiy bo‘ladi. Bu haqda 7 aprel kuni "Frendz arena" hududida o‘tkazilgan maxsus matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

Andersson yangi ishiga 2016 yilgi Yevropa chempionatidan keyin kirishadi. Uning boshqaruvidagi "Norrcheping" jamoasi 2015 yilgi mavsum chempioni bo‘ldi.

Hozirda milliy terma jamoani boshqarayotgan Erik Xamren 2009 yildan buyon shu vazifada ishlab kelmoqda va u shu yilning fevralida lavozimini tark etmoqchiligi haqida e'lon qilgandi. Uning boshchiligida terma jamoa 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmadi. Hal qiluvchi pley-off o‘yinida shvedlar portugallardan 2 o‘yin natijasiga ko‘ra yengilishdi.

Shvetsiya termasi Fransiya maydonlarida o‘tkaziladigan Yevropa chempionatiga chiqish uchun saralash bosqichida guruhda uchinchi o‘rinni egallagach, o‘tish o‘yinida Daniya qarshiligini yengishiga to‘g‘ri keldi. Shvetsiya turnirda Irlandiya, Italiya va Belgiya termalari bilan bir guruhdan o‘rin olgan.

Top