17:57 / 15.04.2016
2420

Perudagi Naska chiziqlari siri topildi

Arxeologlar fazodan olingan suratlar yordamida Peruda u yerda avval yashagan sivilizatsiya tomonidan qoldirilgan Naska chiziqlari sirini aniqladilar. Olimlar tomonidan o‘tkazilgan tahlilning ko‘rsatishicha, qadimda akveduklar (osma quvurlar) va Naska chiziqlari yagona tizimni shakllantirgan. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Olimlarning fikricha, Naska chiziqlari qadimda mavjud bo‘lgan keng tarmoqlangan akveduklar murakkab tizimining bir qismi hisoblanadi. Ulardan bir qismi hozirgacha saqlanib qolgan va pukios degan nom olgan. Avvalroq olimlar pukios Naska madaniyatiga aloqasi borligini bilishmagan.

Arxeolog Roza Lazaponaraning aytishicha, pukios "yer osti suv qatlamlaridan suv olish uchun qurilgan murakkab gidravlik tizim" bo‘lgan va cho‘lni hayot uchun yaroqli qilgan. Pukios evaziga Naska madaniyati yil bo‘yi suv bilan ta'minlangan. Odamlar suvni maishiy va qishloq xo‘jaligi maqsadlarida ishlatishgan.

Naska madaniyatida yozuv izlari bo‘lmaganiga qaramasdan, bu madaniyat vakillarining texnologik darajasi ularga suv ta'minoti tizimini loyihalash, qurish va ishchi holda qo‘llab-quvvatlashga imkon bergan. Qadimgi odamlar bunga qanday muvaffaq bo‘lganlari olimlarga noma'lumligicha qolmoqda.

Atropologlarning fikricha, bunday murakkab inshootlarning mavjudligi jamiyatda yuqori tabaqalanish (iyerarxiya)ning bo‘lganini anglatadi. Naska chiziqlari Naska yassi tog‘larida joylashgan va taxminan 30 ta surat, 700 ta geometrik shakl va 13 mingta chiziqlardan tashkil topgan. Bu suratlar haqida birinchi eslatmalar 16 asrda paydo bo‘lgan. Ularning kelib chiqishi noma'lum. Taxminlarcha, Naska chiziqlari ushbu hududda 3-1,2 ming yil avval yashagan Naska madaniyati tomonidan qoldirilgan bo‘lishi mumkin.

Top