17:03 / 27.04.2016
2481

Toshkentda shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi

Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A'zamov xotirasiga bag‘ishlangan Toshkent Open X xalqaro turniri yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida yoshlar o‘rtasida shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarning tajribasini oshirish, o‘zbek shaxmat maktabi imkoniyatlarini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada mezbon shaxmatchilar bilan birga qator davlatlardan kelgan jami yuzdan ziyod sportchi o‘zaro bahslashdi.

Shveytsarcha tizimda to‘qqiz turdan iborat musobaqada 7,5 ochko jamg‘argan tojikistonlik Farrux Omonatov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra birinchi, ozarbayjonlik Rauf Mamedov ikkinchi, 7 ochko jamg‘argan ukrainalik Aleksandr Zubarev uchinchi o‘rinni egalladi.

Xotin-qizlar o‘rtasida eng yaxshi natijani Gulruhbegim Tohirjonova (6,5 ochko) qayd etgan bo‘lsa, Sarvinoz Qurbonboyeva va Sevara Boymurodova 5,5 tadan ochko to‘pladi.

20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Nodirbek Yoqubboyev (6,5 ochko), Ortiq Nig‘matov (6 ochko), Nilufar Yoqubboyeva (5 ochko) kuchlilar qatorida e'tirof etildi.

10 yoshgacha bolalar o‘rtasida Islombek Sindorov (4,5 ochko), 6 yoshgacha bolalar o‘rtasida Humoyun Begmurodov (4 ochko) taqdirlandi.

Faxriylar o‘rtasida Akrom Toshxo‘jayev (6 ochko) birinchi, Vladimir Yegin (5,5 ochko) ikkinchi, Georgiy Li (5,5 ochko) uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik shaxmatchilardan Alisher Rustamov 7 ochko to‘plagan bo‘lsa, Odil Rahmon, Bahodir Xolmirzayev 6,5 ochko, Jahongir Vohidov, Aleksey Barsov, Ulug‘bek Tillayev, Bobir Sattorov, Alisher Begmurodov, Saidakbar Saidaliyev, Elbek Jumanov, Nikita Xoroshev 6 tadan ochko jamg‘ardi.

Top