Jamiyat | 14:12 / 01.05.2016
40430
9 daqiqa o‘qiladi

IShIDchilar kimning xalifalari? (1-qism)

Suriyaning o‘zida necha yuz minglab odamlar hayotdan ko‘z yumdilar. Millionlab kishilar nogiron bo‘ldilar. Necha millionlab begunoh insonlar o‘z yurtlarini tark etib, sarson-sargardon bo‘ldilar. Norasida bolalar och va yalang‘och qoldilar. 

O‘z yurtlarini tark etgan aholining bir qismi cho‘l bo‘ylab, boshqa bir qismi dengiz bo‘ylab ketishga majbur bo‘ldilar. Buning oqibatida ham necha minglar norasida go‘daklar, ojiza ayollar vafot topib ketdilar. Gurkirab, yashnab turgan shahar tanib bo‘lmaydigan darajada xarobaga aylandi. Qancha-qancha ta'lim dargohlari yondirib yuborildi, masjidu maqbaralar portlatib yuborildi va hokazo... Bu “Islom davlati qurish”, “xalifalikni qayta tiklash” kabi jimjimador shiorlar bilan lof urgan Islom dushmanlarining “xayrli ishlarini” sanab adog‘iga yeta olmaysiz. Aslida bu “xayrli ishlari” dinimizga butkul zid ekanligini ahmoq kishi ham biladi.

Ma'lumki, “xalifa” degani “o‘rinbosar” degan ma'noni bildiradi. Bu qonxo‘r kimsalar “xalifalik” deb aslida kimga o‘rinbosarlik qilishmoqda. Butun olamlarga ayni rahmat bo‘lib yuborilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘rinbosar bo‘lishni niyat qilmaganliklari aniqdir. Demak, ular yo Yer yuzida insonlarga yomonlik, buzuqlik qilishga chorlaydigan shaytonning yoki o‘tmishda o‘tgan Fir'avn (alayhil la'na)ning yoki zolim bo‘lgan kimsalarning yoki ko‘rinmas uchinchi qo‘lning o‘rinbosarlari desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.  

 Ayni ushbu maqolani yozishdan IShIDning qilgan va qilayotgan ishlari Islom diniga butkul yot ekanini va ularning jirkanch amallari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, hadislari, amallariga umuman zid ekanini bayon qilishni maqsad qildik.

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat bo‘lib yuborilganlarini ifodalovchi bir necha hadislarni zikr qilib, har bir hadisning ortidan IShIDchilarning qilgan jirkanch jinoyatlarini keltirib o‘tiladi. Natijada qay darajada Islom diniga zid va qarama-qarshi ekanini o‘zingiz bilib olasiz, Xudo xohlasa. 

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:              

وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ

“(Ey, Muhammad,) biz sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz. (Anbiyo: 107).

 Ushbu oyatdagi (رَحْمَةً) – (rohmatan) kalimasi masdar bo‘lib, ma'noni ta'kidlash, kuchaytirishni ifodalagani uchun ham (rohmatan) kalimasini “ayni rahmat”, “butunligicha rahmat”, “haqiqiy rahmat”, deb tarjima qilinadi.

(العَالَمِينَ) - ('alamiyn) kalimasi esa, ko‘plik shaklida bo‘lib, Alloh taolodan boshqa barcha narsani o‘z ichiga oladi. Jumladan: farishtalar, insonlar, jinlar, hayvonlar, o‘simliklar va jonsiz narsalar olami va hokazo...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umuman olganda barcha olamlarga; farishtalar olami, jinlar olami, insonlar olami, hayvonot, o‘simliklar, jonsiz narsalar olamiga, xususan, mo‘minlarga, kofirlarga, munofiqlarga, ahli oilalariga, farzandlariga, erkagu ayollarga, yoshlarga, yetim-yesirlarga, zaifhollarga, toinki barcha maxluqotlarga rahmat bo‘lganlar.

IShIDchi gazandalar qilayotgan zolimliklari oqibatida millionlab begunoh insonlar sarson-sargardon bo‘ldi. Norasida bolalar och va yalang‘och qoldi. Masalan, yaqinda televideniye orqali berilgan xabarda, sahro va cho‘llarda 1 million 800 ming odam, ayniqsa, och-nahor bolalar chodirlarda ayanchli holatda kun kechirayotgani ko‘rsatildi. Bir mushtipar ona, bu holatdan kuyinib: “Hozir havo yaxshi, ertaga qish kelsa, holimiz ne kechadi”, - deb zorlanmoqda. (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 14-bet).

Mushtipar onaning aytgan gaplarini eshitib etlaringiz junjikib ketadi. Onaning iztirobli qalbidan otilib chiqayotgan bu gaplar albatta ko‘zining oqu qorasi, jigarporasi bo‘lmish farzandlarini o‘ylaganidan, ularga xavotir bo‘lib, holi ne kechishini bilmay boshi qotganidan darakdir. Ona bolasi uchun nimalar qilishga tayyor ekanini bilamiz. O‘z jonini garovga qo‘yib bu dunyoga keltirgan farzandining hayotini saqlab qolishga o‘z bor budini beradi. O‘zini jonini qurbon qiladi. Ularni bu ko‘yga solgan, bunday qiyinchiliklar girdobiga tortgan kimsalar, albatta – IShIDchilardir.          

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Men namozni o‘qimoqchi bo‘lib boshlayman-da, go‘dak yig‘isini eshitib qolsam, yig‘isi sababli onasining qattiq iztirobga tushishini bilganimdan, namozni yengil qilaman”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Olamlarga rahmat bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz ibodatida ham hattoki onaning rioyasini qilmoqdalar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yoshlarni xursand qilish, erkalatish, ular bilan o‘ynashishni yaxshi ko‘rardilar. Yoshlarga juda mehribon edilar.

Oysha onamizdan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Alining ikki farzandi Hasan va Husaynni o‘pdilar.  Huzurlarida Aqro' ibn Hobis Tamimiy bor edi. Bu holatni kuzatib turgan Aqro': “Mening o‘nta farzandim bor. Lekin men ularning birortasini hecham o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qarab: “Kim rahm qilmasa, unga ham rahm qilinmaydi”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

IShIDchilar yosh go‘daklarga rahm qilish u yoqda tursin, bu bechora go‘daklarni otalariyu mehribon onalaridan judo qilib tirik yetimlarga aylantirib, ulardan o‘zlariga o‘xshagan quzg‘unlarni tayyorlashmoqda.

Ko‘z qorachig‘i, qalb quvonchi, jannat rayhoni, deya ardoqlanadigan beg‘ubor bolajonlarni IShID quzg‘unlari “Jannat qushchalari” deya atab, o‘z manfur maqsadlarini amalga oshirish uchun ularning bellariga portlovchi moddalarni bog‘lab, aldab, odamlar gavjum joylarga yuborib, qo‘poruvchilik vositasi sifatida portlatib yuborishmoqda. (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 76-bet).

 Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi,  u kishi aytadilar: “Bir a'robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib: “Sizlar yosh go‘daklaringizni o‘par ekansizlar, biz esa, ularni o‘pmaymiz”, dedi.  Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Axir, Alloh taolo sening qalbingdan rahm-shafqatni chiqarib tashlagan bo‘lsa, mening qo‘limdan nima ham kelardi?”, dedilar”.

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam a'robiyning farzandlarini shu kungacha o‘pib erkalatmagani uchun qalbida rahm-shafqat olib tashlanganini aytmoqdalar. Ana endi tasavvur qilib ko‘ring. IShIDchilar qilayotgan bu razil ishlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rganlarida nima deb aytgan bo‘lardilar. Bunday buzg‘unchilarni o‘z ummatlari qatoriga qo‘sharmidilar?!

Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi va sallam doimo yoshlarni shodlantirib, ularni xursand qilishga qiziqardilar. Huzurlariga mevalardan ilk pishganlari keltirilsa, oldilaridagi yoshlarga tarqatardilar.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallam huzurlariga mevalardan ilk pishganlari keltirilsa, undan olib ko‘zlariga keyin lablariga qo‘yib: “Yo, Alloh buning avvalini ko‘rsatganingdek, oxirini ham ko‘rsatgin”, deb duo qilardilar. Keyin mevalarni huzurlaridagi yoshlarga tarqatardilar” (Imom Tabaroniy rivoyati. Ushbu hadisni Ibn Sinniy Abu Hurayradan rivoyat qilgan).

Bugun IShIDchilarning urushlari sababli qanchadan qancha bolalar yetim qolyapti, qanchasi qurbon bo‘lyapti. Jinoyatchilarni bu norasidalarning uvoli tutmaydimi? Ularning daryo-daryo qonlari, ko‘z yoshlari jangarilarning ikki dunyosini kuydirib yubormaydimi? (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 76-bet).

(Maqolaning 2-qismini ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin)

Manbalar asosida Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

G‘iyosiddin BARATOV tayyorladi. 

Manba: Muslim.uz