Jamiyat | 12:59 / 07.05.2016
48515
16 daqiqa o‘qiladi

Valijon Shamshiyev: “San'at sohasiga tanqidchi emas, san'atkor bo‘lishni xohlab kirib kelganman” (Intervyu)

Taniqli qiziqchi va so‘z ustasi Valijon Shamshiyev Kun.uz saytining mehmoni bo‘ldi. Valijon Shamshiyev ofisimizga qadam ranjida qilarkan, shu paytgacha hech qaysi internet saytga intervyu berishni istamagani, Kun.uz saytiga bo‘lgan qiziqishi bois suhbatga rozi bo‘lganligini aytib o‘tdi. Suhbatimiz mavzusi qiziqchining ijodi to‘g‘risida bo‘lib, bahonada  san'atkorning  ko‘ngliga qo‘l solishga, uning bir chetida yotgan nozik xotiralarini yod olishga undadik...

– Assalomu alaykum! Xush kelibsiz!

Va alaykum assalom! Xushvaqt bo‘ling! Mana hozir issiq choy uzatdingiz,(choyni xo‘play turib), bir gap yodimga tushdi. O‘zbeklar sayr-u sayohatni xush ko‘ruvchi xalq bo‘ladi-da. Bir kuni bir odam sayohatga chiqib, sovuq o‘lkalarga borib qolibdi. Shunda uni kutib olgan chukcha uyida mehmon qilibdi. “Ooo, mehmon yaxshi. Mehmon kelsa qanday yaxshi”, deb xotiniga muzlatkichdan koka-kola olib kelishini buyuribdi.  Shunda o‘zbekistonlik mehmon: “Voy, shu 70 darajali sovuqda muzlatkichdan koka-kola olib ichirasanmi”, desa chukcha ham bo‘sh kelmay:  “Men ham O‘zbekistonga borganimda 40 daraja issiqda, issiq choy ichirgansan-ku”, debdi.

– Valijon aka, suhbatimizni har doimgidek muxlislarga qiziq bo‘lgan an'anaviy savoldan boshlamoqchimiz. Yaqinda “Mirzo” teatrining sahnaga olib chiqqan repertuari, undagi sizning ijroingiz ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.  Hozirgi paytda nimalar bilan bandsiz?    

Avvalambor konsert dasturimizni kuzatganingiz uchun katta rahmat. 2016 yil oxiri, 6-7 may kunlarida “Kulgi bayrami” deb nomlangan konsert dasturimizni uyushtirishni mo‘ljallaganmiz. Shu bois ayni damda galdagi konsert dasturimizga tayyorgarlik ko‘rish bilan bandmiz. Bu gal konsertimizda yangiliklar bilan sahnaga chiqib, muxlislar kayfiyatini ko‘tarmoqchimiz. Kayfiyatni ko‘tarish yaxshi-da, qon bosimini ko‘targandan ko‘ra...

– Oxirgi paytda hamkasblaringiz taqdim etayotgan konsertlarda ko‘rinmay qoldingiz. Bunga sabab nima?  

O‘zi qiziqchilar ichida konsertga eng kam chiqadigani men bo‘lsam kerak. Sababi bunga o‘zim qarshiman, konsertlarda ko‘ringim kelmaydi. Ilgari qiziqchilar yarim soat davomida 15 daqiqadan ikki marotaba sahnaga chiqib, vaqtni o‘tkazib berardi. Shu 15 daqiqalar ichida san'atkorlar libosini almashtirib, konsertning keyingi blokiga o‘tilardi. Kim qanday tushunadi, bilmadim-u, menga san'atkorlarning libosini almashtirib olishi uchun sahnaga chiqish bir oz g‘alati tuyuladi. Kontsertimga chiqib bering, deb taklif qiladigan san'atkor do‘stlarimiz juda ham ko‘p. Do‘stlarimiz xafa bo‘lishsa ham ularning konsertida chiqish taklifini rad etaman. Aslida konsert dasturida qiziqchilarning chiqishi eskirgan usul bo‘lib qoldi. Shu bois qiziqchilar endi yubiley yoki gala konsertlarda chiqsa, yarashadi, nazarimda.  

Ismini aytmayman, yaqinda bir san'atkor singlimiz meni konsertiga taklif qilib, “Valijon aka, konsertga keling. Kelsangiz yaxshi-da, tomoshabinlarning kayfiyatini ko‘tarib berasiz. Bizni kiyim almashtirishimizga ham oson bo‘lardi”, dedi. Bu gapdan xafa bo‘ldim. San'at institutini bitirib, diplom olib, bugun qaysidir qo‘shiqchining kiyim almashtirib chiqishi uchun sahnaga chiqsam-a? Shu payt uning oldidan qiziqchi Valijon xafa bo‘lib ketib, uning qarshisida karatechi Valijon paydo bo‘ldi va “Kechirasiz singlim, men buning uchun o‘qimaganman”, deb aytdim. O‘zimga o‘zim xo‘rligim kelib ketdi. (kuladi).

– “Dizayn”, “Million”, “QVZ” guruhlari sahnaga chiqa boshlagach, tomoshabinlarning qiziqchilarga bo‘lgan qiziqishi so‘ngandek. Bu holatning an'anaviy qiziqchilikka ta'siri bo‘lmayapdimi?

Har bir esgan shamolning ko‘chatga ta'siri bor. Hozir siz sanab o‘tgan guruhlarning qayerlardan ko‘chirib sahnaga olib chiqayotganliklari bizga ma'lum. Men bu kabi jamoalarga omad tilayman. Ammo shuni aytib o‘tgan bo‘lardimki, san'at orqasidan faqat bola chaqani boqish emas, xalqqa nur, ziyo ham berish kerak.  

– Ehtimol, bu  guruhlar har gal sahnaga olib chiqadigan yangi, dolzarb mavzudagi gaplari bilan tomoshabinlar e'tiborini jalb etayotgandir? Avvaldan ijod qilib kelayotgan qiziqchilar o‘z ustida ishlamayotgandir?   

Endi bu sizning fikringiz. Masalan, biz qayerga borib konsert qo‘ysak,  tomoshabinlar kelib turibdi. Qolaversa, meni majburlashsa ham QVZ yoki Million  singari guruhlarining ijodiy yo‘lini tutmayman. To‘g‘ri, biz ular kabi jamiyatimizdagi kamchiliklarni gapirsak, hammaning e'tiborini torta olamiz. Ammo  biz nimani gapirish mumkin, nimani yo‘q, bilamiz. Agar xalq eshitarkan deb, sahnaga har narsani olib chiqib, faqat kamchiliklarni gapiradigan bo‘lsam, men san'atkor emas, tanqidchi bo‘lib qolaman-ku? Men san'at sohasiga tanqidchi emas, san'atkor bo‘lishni xohlab kirib kelganman. Tanqidchilikni qiziqchilikka jalb etsangiz, tomoshabin e'tiborini tortish oson.  Birov bizdan xavfsiraydi, birov tinglashga qiziqadi. Shaxsan men O‘zbekiston fuqarosi bo‘la turib, o‘zimning yurtimdagi kamchiliklarni kulgu qilolmayman. Agar biz bunga o‘rgatib qo‘ysak, keyin oddiy gaplarni xalq eshitmay qo‘yadi-ku? 

– Ilgari qiziqchilar og‘riqli nuqtalarni sahnaga olib chiqish orqali o‘z san'ati bilan ma'lum masalalarning yechim topishiga hissa qo‘shgan. Siz esa tanqid qilish orqali san'atda ijod qilmayman deyapsiz...  

To‘g‘ri aytdingiz. Shuning uchun ham odamlarga boshqacharoq tuyulsam kerak-da. Masalan, tanqid degan so‘z bilan tarbiya degan ikkala so‘zning ham bosh harfi t harfidan boshlanadi. Men esa ko‘proq tarbiya orqali xalqqa ijobiy ta'sir qilishni yaxshi ko‘raman. Masalan, bolamni bir marta koyisam, ikki marta silashim kerak bo‘lganidek, bir marta kamchiliklarni qog‘ozga o‘rab gapirsam, o‘n marta maqtashim kerak. O‘tish davri bosqichidan o‘tayotgan jamiyatimiz kamchiliklarini sahnaga olib chiqib gapiraversam, uning kelajagini yo‘qotib qo‘yaman-ku. Mening repertuarimda ham gapiriladigan tanqidiy mavzular bor. Faqat bu mavzuni men xalqqa ijobiy ta'sir o‘tkazish yo‘li orqali yetkazaman.

Masalan, piyonista er haqida: (obrazga kirib) Meni aldab erga berishgan ekanda “sportsmen” deb... “Spirtsmen” ekan. Nuqul ichib kelsa meni uradi. Urmay o‘l!” Boshim gangib qolgan-ye...Qayerga ketayotganimni bilmayman. Shu yoqqa kelganimni ham shu yoqqa kelganimdan keyin bildim. (kulgi)

Bu oddiy gapga o‘xshaydi. Lekin ichadiganlar bir oz mushohada qiladi. Shu tarzda qog‘ozga o‘rab gapiraman. Shu o‘rinda Vatanimiz haqida yozgan she'rimni o‘qib bersam.

 

Vatan deya kim qadam tashlar,

Demak ezgu ishlarin boshlar,

Qo‘lni qo‘lga bering ey yoshlar,

Qalbdan deylik birga barimiz.

Biz buyuk yurt farzandlarimiz.

 

Bobolari polvondir azal.

Momolari paridan go‘zal,

Bu yurt uchun bitaylik g‘azal.

Qalbdan deylik birga barimiz,

Biz buyuk yurt farzandlarimiz.

 

– Bugungi kunda xoh u to‘y, xoh konsert bo‘lsin, odamlarning iste'molchilik talabi ortib bormoqda. Nima deb o‘ylaysiz, san'at odamlarni yetaklashi kerakmi yoki odamlar sa'n'atga ergashishi kerakmi?    

San'at aslida san'atligicha qolishi, odamlarni yetaklashi kerak. Har bir insonga iqtidor berilganidan so‘ng u tinimsiz mehnat orqali shaklga keladi. Haqiqiy san'at asarigina tomoshabinni hayron qoldira oladi.

– Rahmatlik, ustoz san'atkor Xojiboy Tojiboyevning qiziqchilk san'atida o‘z o‘rni bor edi. U sahnada aytgan qiziq gaplar, bugun hamon xalq bilan hamnafas. Shuningdek, sahnaga ayrim yosh qiziqchilar “men Xojiboy Tojiboyevning shogirdiman”, deya chiqib kelyapdi. Birortasi ayni damda ijod qilib kelayotgan qiziqchilarning nomini ustoz deb tilga olmayapdi...

(O‘ylanib) Masalan, men Mirzabek Holmedovning shogirdi bo‘lsam, biz ustoz shogird an'anasidan o‘tib, aka ukadek bo‘lib ketganmiz. Mirzabek Xolmedovning ortidan – shogirdiman, deb yurgan bolalar ko‘p. Ammo ular orasidan sahnaga chiqayotganlari va sahnaga chiqmayotganlari bor. To‘g‘ri, bugun ustoz san'atkorlardan Oxunjon Madaliyev, Muhriddin Xoliqov, qiziqchi Xojiboy Tojiboyev kabi san'atkorlar oramizda yo‘q. Ammo “men uning ijodini davom ettiryapman”, degan niqob bilan, chiqib kelayotgan yoshlar bor. Shuni alohida aytib o‘tgan bo‘lardimki, birovning mulkini talon-taroj qilish orqali san'atkor bo‘lmaslik kerak. Ba'zilari “Ot minganniki”, degan ahmoqona,  san'atkorga to‘g‘ri kelmaydigan naqlni o‘zlariga qolip qilib olishyapdi.

– Valijon aka, ilhom kelganida she'rlar mashq qilib turishingizni bilamiz.   Sir bo‘lmasa, qaysi she'rlaringiz xonandalar tomonidan qo‘shiq bo‘lgan?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Samandar Hamroqulovning “Sevgi fazosi”,  Alisher Fayz “Ketma omad ko‘nglim sindirib”,  Nargiz tomonidan kuylangan  “Nargiz” qo‘shig‘ining she'ri maullifi menman.

– San'at sohasida ma'lumotingiz yetarli bo‘la turib, yaqinda yuridik sohada ham ta'lim oldingiz. She'r yozasiz, to‘y va tadbirlarda ishtirok etib, karate sport turi bilan ham shug‘ullanasiz. Bularning bariga ulgurish uchun qayerdan yoki nimadan kuch olasiz?

Yaxshi savol bo‘ldi. Buning uchun iroda bilan tez tez gaplashib turaman. O‘zimga har kuni “bugun nima ish qilding, ertaga nima qilmoqchisan”, degan savollarni berib turaman. Tabiatan, bir aybim bor. Muhammad Yusuf ichgan ariq suvidan men ham ozgina ichib qo‘yganman. Balki uzoqroq qarindoshligimiz borligi sababmi yoki qondan o‘tgandir, har zamonda she'r mashq qilib turaman.  Agar ruxsat bersangiz, sevimli shoirimiz Muhammad Yusufga atab yozgan she'rimni o‘qib bersam...  

 

Shoir she'r aytganda titrab yuraklar.

Qalbda jo‘sh urardi eng pok tilaklar.

Uning kimligini aytsin bilsalar,

U ekkan eng viqorli baland teraklar.

 

Muhammad Yusuf ajoyib edi.

Har bitta she'rida haq so‘zni derdi.

Tomirga aylangan har bir satriga,

Oddiy vujudinmas borlig‘in berdi.

 

Qayerga borsa ham yorug‘ yuz bilan,

Ham erkalab sevib, shirin so‘z bilan,

Ona Vatanini kuylab ketdi u,

Yozgan boyliklari qoldi biz bilan.

 

– Valijon aka, xalqni yig‘latishga qaraganda kuldirish qiyinroq deyishadi. Bu fikrni qanday izohlaysiz? Umuman, biror marta sahnaga chiqqaningizda qalbiniz yig‘lab turib, tomoshabinni kuldirgan paytlaringiz bo‘lganmi?

Onam farrosh bo‘lib, dalada yer chopib bizni boqqan. O‘sha paytlar rahmatlik enam bizni o‘zi ko‘tarib katta qilgan. Ovqatimizni yedirib, kiyimlarimizni almashtirgani hali ham ko‘z oldimda... 

Bir necha yil avval to‘satdan buvim o‘tib qoldi. Bu xabarni eshitiboq uyga shoshdim. Meni ko‘rib qolgan muxlislar yo‘lda to‘xtatib, latifa aytib bering, deb turib olishdi.  “Odamlar, meni enam o‘tib qoldilar, hozir iloji yo‘q”, desam odamlar shu gapimga ham kulishyapdi. Muxlislarimizning sazasi o‘lmasligi uchun latifa aytishni boshladim. Latifani qanday aytib berganimni bilmayman. Chunki yuragim qattiq yig‘layotgandi. Shu payt muxlislar ichida tushungan bir otaxon bor ekan, “bas qilinglar, u xazillashayotgani yo‘q”, dedi. Shunda jovdirab turgan ko‘zlarimdagi yosh dumalab, yuzimga tushdi... Shosha-pisha uyga jo‘nadim. Yo‘l-yo‘lakay xayolimga quyidagi satrlar kelgan:

Nechun odamlarkulmoq istarlar,

Nahotki, shunchalar kulguli hayot?

Qalbing yarosiga pinak buzmaslar,

Kulishar, chin dildan so‘rashar najot.

 

“Masxaraboz” deb bosishar tamg‘a,

Dardli so‘zlar aytib, yig‘lasang agar,

Qalbing yig‘laganda kuldir degani,

Nayza sanchgandayin yurakka tegar.

 

– Valijon aka, siz bilan miriqib suhbatlashdik. Suhbatimiz yakunida Kun.uz sayti muxlislariga ham o‘z tilaklaringizni bildirib o‘tsangiz.

- Bir odam bolasini shikoforga olib kelib: “jon do‘xtir, yordam bering, rahmingiz kelsin. Bolam ikki haftadan beri shirinlik yemaydi. Bir haftadan beri nonni ham kam yemayapti”, debdi. Do‘xtir: “Demak, bolaning oshqozonini buzibsizlar. Kasallik qachon yuz berdi”, deb so‘rasa haligi kishi: “Kasal bo‘lgani yo‘q, uyimizda shu narsalar yo‘q, yordam bering do‘xtir”, degan ekan (kulgi). Demoqchimanki, hech kimning do‘xtirlarga ishi tushmasin.

Dunyoda yengilmagan xon haqida eshitganmisiz? Har bir xon qaysidir masalada yengilib qolgan. Lekin bitta xon bo‘lib, u hech qachon yengilmagan ekan. U ham bo‘lsa O‘zbekistonda ekan. Bu xoning nomi “dasturxon” deb nomlanadi! Dasturxonimiz har doim to‘liq bo‘lsin. Kun.uz muxlislari sog‘-salomat bo‘lishsin. G‘amlik, kamlik ko‘rishmasin. Martabasi ulug‘, hamyoni to‘liq bo‘lsin. Qozonida osh, yostig‘ida bosh ko‘paysin. Ertalab sog‘ salomat turishsin, o‘ynab kulib yurishsin. Davr-u davron surishsin. Go‘zal oshyonlar qurishsin!

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mohichehra Eshmirzayeva suhbatlashdi

Suhbatning to‘liq talqinini videoda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid