23:32 / 27.07.2016
3849

Ozarbayjonda konstitutsion referendumga tayyorlanish bo‘yicha kampaniya boshlandi

© RIA Novosti. Aleksey Kudenko

Ozarbayjon markaziy saylov qo‘mitasi (MSQ) 27 iyulda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kampaniyaga start berdi. Bu referendum 26 sentabrda bo‘lib o‘tadi. 

MSQ kotibi Arifa Muxtarovaning aytishicha, referendumning yakuniy natijalari 21 oktabrda ma'lum qilinadi.  

Ozarbayjon konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan bildirildi. U tomonidan taklif qilingan loyiha konstitutsiyaning 29 ta moddasiga o‘zgartirish kiritishni ko‘zda tutadi. Jumladan, prezident vakolatlari muddatini 5 yildan 7 yilgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, konstitutsiyadan Ozarbayjon prezidenti etib 35 yoshdan kichik bo‘lmagan fuqaro saylanishi mumkinligi haqidagi qoida olib tashlanmoqchi.  

Loyiha shuningdek birinchi vitse-prezident va vitse-prezident lavozimlari kiritilishini nazarda tutadi. Shuningdek, prezidentga Milliy mejlisni (parlament) tarqatib yuborish va navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini e'lon qilish huquqini berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, hujjatda mamlakat fuqarolariga parlamentga hozirdagidek 25 yoshdan emas, balki 18 yoshdan saylanish huquqini taqdim qiluvchi band ham bor.     

Ozarbayjonda oxirgi marta konstitutsion referendum 2009 yilda o‘tkazilgandi. Uning natijalariga ko‘ra, konstitutsiyaga bir shaxsning 2 martadan ko‘proq marta prezident etib saylanishiga yo‘l qo‘yuvchi o‘zgartirish kiritilgandi.

Top