AQSh yana 11 sentabr voqealarini eslamoqda. Bugun 3 mingga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan fojiali teraktni butun dunyo yodga olmoqda. AQSh va dunyo tarixida misli ko‘rilmagan terror yuz berganiga 15 yil to‘ldi.
2001 yilning 11 sentabrida Nyu-Yorkda Boeing 767 rusumli 2ta yo‘lovchi samolyoti Jahon savdo markazining 110 qavatli egizak binolariga kelib urildi, uchinchi samolyot — Boeing 757 Vashingtondagi AQSh mudofaa vazirligi binosiga qulab tushdi, to‘rtinchi samolyot esa (u ham Boeing 757) Pitsburg shahridan 80 mil nariga quladi. Samolyotlar American Airlines va United Airlines aviakompaniyalariga tegishli bo‘lgan va xudkush terrorchilar tomonidan o‘g‘irlangan.






Teraktlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 ming nafarga yaqinni (2 ming 977 kishi) tashkil qildi. Ularning 246 nafari samolyot yo‘lovchilari edi. Jahon savdo markazida 2 ming 606 kishi, Pentagonga hujum oqibatida 125 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning 72 nafari politsiya va huquq-tartibot idoralarining xodimlari, 343 nafari o‘t o‘chiruvchi, 55 nafari harbiy xizmatchi edi. Qurbonlar orasida 90ta mamlakat fuqarolari bor edi.



Bu teraktlar Misr, Saudiya Arabistoni, BAA va Livan fuqarolari bo‘lgan 19 terrorchi tomonidan sodir etilgan. Ular «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotiga aloqador bo‘lib, AQShda qonuniy ravishda yashagan, ularning ba'zilari esa Amerika uchuvchilik maktablarida o‘qigan.


Nyu-Yorkka yetkazilgan zarar 36 milliard dollarga yaqin bo‘ldi, Jahon savdo tashkiloti minoralari joylashgan hududni tozalash ishlari 8 oydan ortiq vaqt davom etdi.



















