15:26 / 11.09.2016
11067

Janubiy Koreya Pxenyanni kultepaga aylantirish rejasiga egaligini ma'lum qildi

Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanni bir zarba bilan yo‘q qilish rejasiga ega. Bu reja shimolliklar yadroviy hujumga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagani haqida signal kelishi bilanoq ishga tushadi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar tarqatgan.

Seul hukumatidagi harbiy manbalarga asoslanib xabar qilinishicha, parlament a'zolari jurnalistlarga "Koreyaning javob choralari va bir mushtga tugilgan jazosi" nomli reja tafsilotlari ma'lum qilingan.

"Pxenyanning har bir nuqtasi, jumladan Shimoliy Koreya hukumatidagilar yashirinishi mumkin bo‘lgan nuqtalar, ballistik raketalar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar keltirish qudratiga ega bo‘lgan fugas snaryadlari portlatilishi evaziga vayron qilinadi. Agar, shimol yadro qurolidan foydalanishning eng kichik belgilarini bo‘lsada namoyish etsa, bu mamlakat poytaxti kultepaga aylanib, xaritadan yo‘q bo‘lib ketadi", deya manba so‘zlarini keltirgan agentlik.

O‘tgan haftaning juma kuni Shimoliy Koreya hukumati o‘z tarixidagi eng kuchli, yer osti yadro sinovini o‘tkazgani haqida ma'lum qilgandi.

Bi-bi-si xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada bo‘lgani kabi, Janubiy Koreyada ham ulkan artilleriya divizionlari mavjud. Bu orqali janubliklar quruqlikdagi harakatlar orqali ham shimolliklarning shaharlarini muvaffaqiyatli ravishda o‘qqa tutishi mumkin.

Xabarda janubliklar ham endilikda shimolliklardan kam bo‘lmagan darajada tahdid qilishga o‘tgani ta'kidlangan.

Top