14:34 / 27.09.2016
5788

Avstraliya osmonida meteorit portlagani taxmin qilinmoqda

Foto: Fotolia

Avstraliya osmonida kuzatilgan yorqin portlash va baland shovqinli tovush manbasi meteorit bo‘lgani ehtimol, deya xabar qilmoqda ABC telekanali ekspertlarga tayangan holda. 

Avstraliyaning Kvinslend shahri aholisi 26 sentabr kuni kechqurun osmonda yorqin jismning uchishiga guvoh bo‘lishgan. Ayrim guvohlar esa, portlashga o‘xshash baland tovushni eshitishganini ta'kidlashgan. Taxminlarga ko‘ra, bu meteorit bo‘lishi mumkin. 

Astro Space News jurnali muharriri Deyv Renekening fikricha, yorqin chaqmoqqa Yer atmosferasiga kirgan meteorit sabab bo‘lgan. 

"Ular soniyasiga 30-60 km tezlikda harakatlanadi, shu sabab ular atmosfera qatlamiga kirganida juda ham qizib ketadi", — deya ekspert so‘zlarini keltiradi telekanal. 

Avstraliyaning SBS telekanalining xabar qilishicha, politsiya fuqarolardan ko‘psonli murojaatlar bo‘lganini tasdiqlagan, biroq meteoritligi taxmin qilinayotgan jismdan yetkazilgan sezilarli talofat xususida biron ma'lumot keltirmagan. 

"Bu osmondagi mitti quyoshga o‘xshagan yorqin pufak shaklidagi jism edi", — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan mahalliy fuqaro ABC Local Radio bilan suhbatda.

Top