14:31 / 27.10.2016
8684

O‘g‘lini jinoyatga yetaklagan ota farzandi yonida sud panjarasi ortiga tushdi

Foto: Unian

Nabijon Ibragimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ayni paytda pensiya yoshida. Achinarlisi, u shu yoshga kirgunga qadar bir necha marta sudlangan. Bu ham yetmagandek, farzandini ham jinoyat ko‘chasiga yetakladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

N. Ibragimovga Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi, avvaldan tanish bo‘lgan G‘olib ismli shaxs qo‘ng‘iroq qilib, novvoylik bilan shug‘ullanib yurgan yigitlar kerakligini aytadi. N. Ibragimov o‘sha kunning o‘zidayoq singlisining eri Avazbekni topib, taklifni aytadi. Ko‘pdan buyon ish izlab yurgan Avazbekka bu taklif ma'qul tushadi.

N. Ibragimov “novvoylar jamoasi”ga kollejning 2-bosqichida ta'lim olayotgan o‘g‘li Karimjonni bosh qilib jo‘natadigan bo‘ldi. U shu asnoda tanishi Qodir Mamatovni ham ishga taklif qiladigan bo‘ldi.

Aytilgan sanada to‘rt kishi – Karimjon, Qodir, Avazbek va uning o‘g‘li Mansul yo‘lga tushishadi. Yangiqo‘rg‘on tumani, Nanay QFY, Qizilyozi mahallasiga yetib olgach, daladagi aylanma yo‘llar orqali noqonuniy ravishda Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tishdi. Shu yerda Karimjon ortga qaytdi.

Qirg‘izistonlik G‘olib oradan bir necha kun o‘tgandan keyin N. Ibragimovga qo‘ng‘iroq qilib, Qodir, Avazbek va uning o‘g‘li Mansur qo‘shni respublika davlat chegarasini buzganlikda ayblanib, qamalgani haqida xabar qildi.

U vaziyatni o‘rganish uchun o‘g‘li Karimjonni yana chegarani buzib, Qirg‘izistonga borishga undadi. Ammo uning o‘g‘li huquqni muhofaza qilish davlat idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

N. Ibragimov va uning farzandi Karimjon sud hukmi bilan javobgarlikka tortildi.

Mavzuga oid
Top