21:31 / 28.10.2016
7618

Oliy sudda amnistiyaga oid qaror ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga asosan Oliy Majlis Senati tomonidan shu yil 12 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari H.Halimov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Shodiyev va boshqalar mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari to‘la ta'minlanayotganini alohida ta'kidladi.

Amnistiyaga oid qabul qilingan qaror davlatimizning bu borada olib borayotgan yuksak insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosatining mantiqiy davomidir. Bu inson huquq va erkinliklarining himoyasini ta'minlash borasidagi umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalariga to‘la mos keladi.

Qarorda ayrim toifadagi shaxslarni jinoiy javobgarlikdan, ba'zilarini jazodan ozod qilish bilan birga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm kilingan shaxslarga tayinlangan jazo muddatlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan. Bu yilgi amnistiyaga oid qaror ta'sir doirasi kengligi, uni ta'minlashda jamoatchilik nazorati kuchaytirilgani bilan ajralib turadi.

– Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Ne'matjon Akbarov. – 2008 yil dekabr oyida amnistiya aktini qo‘llash vakolati sudga o‘tkazilgani buning amaliy ifodasi bo‘ldi. Shu tariqa mamlakatimizda amnistiya aktini qo‘llash masalasi, jinoyat protsessi bosqichidan qat'i nazar, faqat sud tomonidan hal etiladigan bo‘ldi. Bu amnistiya aktini qo‘llash jarayonida xolislikni ta'minlashda muhim o‘rin tutmoqda. O‘z navbatida, bu sudyalar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Chunki amnistiya aktining mohiyatida davlatimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati mujassam bo‘lib, uni to‘liq ro‘yobga chiqarish har bir sudyadan alohida mas'uliyat talab etadi.

Qaror ijrosini ta'minlash jarayonida ochiq-oshkoralikni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklariga og‘ishmay rioya etilishi uchun parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan.

Tadbirda amnistiya to‘g‘risidagi qaror ijrosini aniq va bir xilda ta'minlash maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev shu yil 21 oktabr kuni imzolagan "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya kilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon ijrosiga doir  masalalarga ham e'tibor qaratildi.

N.Abduraimova - O‘zA muxbiri

Top