18:56 / 28.10.2016
15745

“Panda diplomatiyasi”

Foto: worldwildlife.org

Xitoy hukumati 2025 yilga qadar yovvoyi tabiatdagi pandalar sonini 18 foizga ko‘paytirishga qaror qildi. Bu rejaga ko‘ra, yana o‘n yildan keyin yovvoyi tabiatdagi pandalar soni 2 ming 200 taga yetadi. Ayni damda Xitoy yovvoyi tabiatida 1 ming 864 ta panda mavjud. Yana 422 panda maxsus markazlarda boqiladi. 

Hukumat 2025 yilgacha Sichuan, Gansu va Shensi viloyatlarida pandalar uchun maxsus hududlar yaratish ustida ish olib bormoqda. Maxsus markazlardagi pandalar ham keyinchalik yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborilishi mumkin. Katta panda bambuk ayig‘i ham deb ataladi. Uning vatani Xitoyning markaziy hududlari, deya tan olingan. Panda tungi hayvon bo‘lib uni yer sharining hamma joyida ham uchratib bo‘lmaydi. Vatani Sichuan viloyati va Tibet bo‘lgan katta panda hayvonlarning yo‘qolib borayotgan turiga kirgan bo‘lib, Xitoy davlati tomonidan Qizil kitobga kiritilgan va muhofazaga olingan. Bundan tashqari, panda Xitoy ramzi va faxri hamdir. Shu sababli ham Pekin diplomatiyasida alohida o‘rin tutadi. Bu hayvonlarni boshqa mamlakatlarga yuborish an'anaga aylanib qolgan, ayrim hollarda uni “panda diplomatiyasi” deb ham aytishadi. Pandani ovlaganlarga Xitoyda o‘lim jazosi qo‘llaniladi.

Qadimda va o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab, hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarga binoan, Xitoy o‘z hamkorlari bo‘lmish davlatlarga bu noyob jonivorni sovg‘a qilgan. “Osmon osti mamlakati” hukmdorlari diplomatik uchrashuvlar vaqtida bir-birlariga panda sovg‘a qilishgan. Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan “Faynenshel-tayms” gazetasita bosilgan maqoladagi “Katta pandani kuzating: Aynan u Xitoy tashqi siyosatini belgilaydi”, degan so‘zlar buning isbotidir.

Ilk bor panda xizmatidan Tan sulolasi (618—907) hukmdorlari foydalanishgan. Imperiya hukmdori bo‘lmish malika U Tszetyan ikkita pandani Yaponiya imperatoriga sovg‘a qilgan edi. Ammo bu panda-diplomatiya amaliyoti o‘tgan asrning 50-yilarga kelib yo‘lga qo‘yildi. 1957 yildan 1983 yilga qadar Xitoy 9 ta mamlakatga jami 23 ta panda sovg‘a qildi. Shunda ham Xitoyga do‘st bo‘lgan mamlakatlargagina berilardi. G‘arb mamlakatlari, jumladan, Buyuk Britaniya va AQSh oq-qora rangli ayiqni olishga umid qilmasa ham bo‘lardi. 70-yillarda Xitoy g‘arb mamlakatlari bilan aloqalarni yaxshilash maqsadida panda-diplomatiyasidan foydalanishga qaror qildi. 1972 yilda AQSh prezidenti Richard Nikson Xitoyga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida Pekin hayvonot bog‘iga ham bordi. Oliy mehmon sharafiga berilgan ziyofatda bosh vazir Chjou Enlay Richard Niksonning rafiqasi Pet Niksonga “Panda” sigaretasini ko‘rsatar ekan, shu kabi sovg‘a olish niyati bor yoki yo‘qligini so‘raydi. Ammo AQSh birinchi xonimi chekmasligini aytadi. Shunda bosh vazir sigaret qutisida aks etgan hayvonni sovg‘a qilish niyatida ekanini aytadi. Shu tariqa Ling-Ling va Sin-Sin laqabli pandalar Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab safarga chiqadi. Pet Nikson pandalarni Milliy hayvonot bog‘iga topshirishga qaror qildi. Shu tariqa pandalar Xitoy-AQSh munosabatlarining yaxshilanishiga xizmat qildi. 1972 yilda Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar ham iliqlasha boshladi. Bunga Yaponiyaga sovg‘a qilingan ikkita - Lan-Lan va Kan-Kan laqabli pandalarning ham xizmati bor. 1973 yilda Xitoy hukumati ikkita - Yan-Yan va Lili laqabli pandalarni Fransiyaga sovg‘a qildi. Oradan bir yil o‘tib Tszya-Tszya va Tszin-Tszin laqabli pandalar Buyuk Brianiyaga sovg‘a qilindi.

80-yillar o‘rtalarida pandaga talab ortgani bois, hukumat milliy boylik hisoblanmish pandlalarni sovg‘a qilishni to‘xtatdi. 1985 yilda hukumat bundan keyin panda boshqa mamlakatlarga sovg‘a qilinmasligini, balki ijaraga berilishi mumkinligi borasida qaror qabul qildi.

Bugungi kunda pandlalar sovg‘a qilinmaydi, balki 10 yilga ijaraga beriladi. Buning uchun ijaraga olmoqchi bo‘lgan davlat Xitoyga bir yil uchun 1 million dollar to‘lab qo‘yishi kerak bo‘ladi. Shunda ham bitta shart bilan, o‘sha mamlakatda tug‘ilgan panda Xitoy mulki hisoblanadi. Agar panda nobud bo‘lsa, u xolda hayvonot bog‘i Xitoy hukumatiga qo‘shimcha ravishda tovon to‘laydi.

Panda yirtqich xayvonlar turkumiga kirgan bo‘lishiga qaramay, tuxum va qushlarni iste'mol qilishi mumkin. Katta panda — tun hayvoni. Kunduzi uxlab, kechasi harakatlanadigan panda ayiqlarning boshqa turlaridan farqli ravishda hech qachon ovga chiqmaydi. Balki o‘simliklar bilan oziqlanadi. Biroq pandalar bambukni afzal ko‘rishadi. Panda yurishni unchalik ham xush ko‘rmaydi. Biroq ovqatlanish, dam olish va boshqa maqsadlarda daraxtdan daraxtga osilib yurishni yaxshi ko‘radi.

Xitoyda pandalar ancha mashhur bo‘lib, aholi bu jonivorni yaxshi ko‘radi. Xitoyliklar bu hayvon faqat o‘z yurtlarida yashashidan faxrlanishadi. Har bir xitoylik pandani ko‘rish umidida hayvonot bog‘iga borishni sharaf deb biladi.

Yuzlab korxonalar panda ko‘rinishidagi o‘yinchoq va otkritkalar ishlab chiqaradi. Yirik kompaniyalar ham, kichik korxonalar ham o‘z mahsulotlarida panda surati bo‘lishini istaydi.

“Panda” xitoychada “da syunmao” deyiladi. Panda Jahon Yovvoyi tabiat Fondi ning (WWF) rasmiy ramzi hisoblanadi. Bu ramzni muzliklar makonidan tortib tropik o‘rmonlargacha, cho‘l-dashtlargacha bo‘lgan xududlarda uchratish mumkin.

Buning tarixi shunday. 1961 yilda Jahon Yovvoyi tabiat fondi tashkil qilingan yilda yevropaliklar ilk bor tirik pandani ko‘rishgan. London hayvonot bog‘ida pandani ko‘rgan olim va rassom ser Piter Skott pandaning oq-qora suratini chizdi. Aynan rassomning taklifi bilan fondning ramziga aylanadi. Bugungi kunda Jahon Yovvoyi tabiat fondining logotipi Olimpiada va MakDonalds ramzlari qatorida oltita eng mashxur logotipdan biri hisoblanadi. Panda suratini tadqiqot kemalarida ham, brakonerlarga qarshi kurashuvchi tashkilotlarning mashinalarida ham, qo‘riqxonalarda ham, bolalar ekologik oromgohlarida ham uchratish mumkin. 

Taxminan 2 ming yil aval katta pandalar Sharqiy Osiyoning barcha bambuk o‘rmonlarida, Xitoyning markaziy va janubiy hududlarida, Vetnam va Myanmada uchrardi. Bambuk o‘rmonlari kesila boshlangach, asta-sekin pandalar ham yo‘q bo‘lib ketdi. O‘shanda 2000 yilda yer yuzida birorta ham panda qolmasligi bashorat qilingan edi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganidan keyin, xukumat o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab pandalarni o‘z muhofazasiga oldi. Buning uchun 32 ta qo‘riqxona tashkil etildi. Pandalarni qutqarish maqsadida Davlat ilmiy markazi tashkil etilgan.

Panda noyob jonivorki, uni jahonning har bir hayvonot bog‘ida ham uchratish mumkin emas. Yaqinda xitoylik bir guruh jurnalistlar o‘z hayvonot bog‘larida panda saqlanayotgan bir nechta mamlakatga tashrif buyurishib, vaziyatni o‘rganishdi. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga qaraganda, panda nafaqat bolalarning, balki kattalarning ham sevimli hayvoni ekani oydinlashdi. 

Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid
Top