Fan-texnika | 19:52 / 01.11.2016
8633
2 daqiqa o‘qiladi

Meizu 100 dollarlik yangi smartfonini namoyish qildi

Xitoyning Meizu smartfonlari ishlab chiqaruvchisi navbatdagi byudjyet apparatini taqdim qildi. Meizu'ning yangi M5 qurilmasi kompaniyaning aksariyat smartfonlaridan plastik korpusi bilan ajralib turadi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘z xususiyatlariga ko‘ra, kichik metall modellardan qolishmaydi. GSMArena shu haqida ma'lum qildi
 
M5 tashqi ko‘rinishidan ko‘proq iPhone 5c'ga o‘xshab ketadi. Xususiyatlariga ko‘ra esa, Meizu M5 bundan avval namoyish etilgan M3s byudjyet modeliga o‘xshab ketadi: sakkiz yadroli protsessor, Mali T860 grafikasi, 2 yoki 3 Gb operativ xotira va 16 yoki 32 Gb flesh-xotiraga ega. 

Ekran kattaroq: 5,2 dyuym. Panel atroflari shisha bilan himoyalangan. Smartfon LTE tarmoqlarida ishlaydi, unda nano-SIM formatidagi ikki kartochka yoki bir microSD xotira kartasini qo‘llash mumkin. Meizu M5 vazni 138 gramm, akkumulyator sig‘imi esa - 3070 mAch.

Xitoyda qurilmaning 2/16 Gb xotirali versiyasi tim qora, ko‘k, feruza, tilla va oq ranglarda 699 yuandan sotiladi. 3/32 Gb xotirali versiyasi esa 899 yuanga tushadi. Qurilmaning Xitoydagi sotuvlari noyabr oyida boshlanadi. Smartfonning boshqa bozorlarda qachon paydo bo‘lishi hozircha noma'lum.
 
 

Mavzuga oid