19:55 / 08.11.2016
6241

Xatamjon Ketmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: ndp.uz

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 8 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A.Qirg‘izboyev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili X.Yeshimbetov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Xatamjon Ketmonov mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanoati izchil rivojlanayotgan hududga aylangani, xususan, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt neft-gaz kimyo majmuasi, Xo‘jayli shisha zavodi, Qo‘ng‘irot karbid, Nukus marmar va kabel zavodlari kabi zamonaviy ishlab chiqarish obektlari ishga tushirilgani mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

Nomzod o‘zining saylovoldi dasturida milliy manfaatlarga sodiqlik, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Vatanimiz tinchligini ta'minlash va xalqimiz farovonligini yuksaltirish, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O‘zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini qayd etdi. 

Dasturda qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, imtiyozli va bepul malakali tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatilishini tartibga soluvchi qonun va hujjatlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish, farmavtsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini mustahkamlash, dori vositalari reklamasini cheklash kabi muhim vazifalarga ham alohida e'tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali direktori Ye.To‘reniyozov,"Qoraqalpog‘iston ovozi" gazetasi bosh muharriri Sh.Ayapov, Xo‘jayli tumanidagi 70-umumta'lim maktabi direktori A.O‘rinboyeva, Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti magistranti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibasi G.Seytnazarova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida fikr bildirib, saylovga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq o‘tayotganini ta'kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Top