18:25 / 10.11.2016
5386

So‘z erkinligi – shaffof saylov tashkil etishning muhim omili

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan seminarda saylov jarayonida axborot va so‘z erkinligini ta'minlashning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, huquqshunoslar, axborot sohasi va saylov jarayonlari ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda jamiyatda ochiq, erkin fikr almashish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ­ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoit yaratilgan va u orqali turli fikr hamda qarashlarni erkin bildirishga qulay muhit shakllantirilgan.

Bu esa saylov jarayoni sub'yektlari faoliyatining ochiqligi ta'minlangani holda, haqiqiy demokratik, shaffof va adolatli saylovlarni tashkil etish, ­fuqarolarning erkin xohish bildirish huquqini amalga oshirishda muhim asos bo‘lmoqda.

Mustaqillik yillarida saylovlarda so‘z va axborot erkinligini chinakamiga ta'minlash, axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilib, muhim natijalarga ­erishildi. Ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi ­yuksak demokratik standartlarga javob beradigan mustahkam qonunchilik bazasining yaratilgani mazkur faoliyatning asosini tashkil etishda alohida ahamiyat kasb etayotir. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ­faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mazkur yo‘nalishda muhim qadam bo‘lib, fuqarolarning axborot olish konstitutsiyaviy huquqini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ta'kidlanganidek, bugun OAV fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda saylovlar haqida bilimini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda. Mamlakatimiz saylov qonunchiligida OAV saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini keng yoritishi belgilangan.  

— Zamonaviy dunyoda demo­kratik saylovlarni mustaqil va erkin bo‘lmagan ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilish qiyin, — dedi Oliy ­Majlis Qonunchilik palatasi deputati R. Kusherbayev. — Negaki, fuqarolarning ushbu jarayonning barcha bosqichi haqida ma'lumot olish huquqlarini kafolatlashda OAV katta ahamiyatga egadir. Shu bilan birga, demokratik jarayonlarning sub'yekti hisoblanib, saylovlarning ochiq, shaffof, transparentlik asosida o‘tkazilishida alohida o‘ringa ega. Ayni chog‘da fuqarolarning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, demokratik qadriyatlarni ta'minlashda OAVning roli kattadir. Ular mamlakat aholisiga sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini, fikr va mulohazalarini erkin ifodalash imkonini taqdim etadi. OAV jamoatchilik fikrini shakllantiradi. Bu esa aholining siyosiy faolligini yuksaltirishga imkon beradi, ularning mamlakat ijtimoiy-­siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytiradi.
So‘z va axborot erkinligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar jarayonida OAV faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovning miqdori sezilarli darajada kamaytirildi, hujjatlarni elektron shaklda topshirish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mass-media sohasida raqobat muhiti, fikrlar xilmaxilligini rivojlantirishga, milliy axborot makonini dolzarb foydalanuvchilarning ehtiyojlariga mos axborot bilan to‘ldirishga imkon yaratadi.

Hozirgi vaqtda yurtimizda bir yarim mingga yaqin OAV mavjud bo‘lib, ularning 380 tasi internet-nashrlaridir. Ular nafaqat o‘zbek va rus tillarida, balki dunyoning boshqa yetti tilida ham ish olib borayotir.
Seminarda saylov jarayonini ishonchli va haqqoniy yoritish, bu borada aholi xabardorligini ta'minlashning amaliy jihatlari va qonunchilik asoslariga oid ma'ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekis­ton qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyoti har bir fuqaroning, shu jumladan, saylov jarayonining turli jihatlari bo‘yicha o‘z fikrini erkin bildirish huquqini to‘liq kafolatlaydi. Bu huquq har xil axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tar­qatish erkinligini mujassam etgan bo‘lib, u qonun bilan faqatgina boshqa shaxslarning huquq va qadr-qimmatini himoya­lash, davlat xavfsizligini ta'minlash, jamoat tartibini, aholi salomatligi va axloqini muhofaza qilish maqsadida ­cheklanishi mumkin.

Shu munosabat bilan seminar ishtirokchilarining diqqat-eʼtibori jurnalistlarning chop etilayotgan materiallarning sifati uchun huquqiy va kasbiy mas'uliyatiga qaratildi. Ataylab yolg‘on ma'lumotlar, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma'lumotlarni e'lon qilishga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada mas'uliyatni ta'minlashga oid huquqiy asoslar, eng avvalo, bizning mentalitetga, odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi xalqimizning o‘ziga xos madaniyatiga mosdir. Bu esa saylov jarayonining haqqoniy o‘tishiga imkon beradi.

Seminar ishtirokchilari qayd etganidek, saylovoldi kampaniya­sining tahlili shuni ko‘rsatadiki, Prezidentlikka nomzodlar uchun qonunchilikda belgilangan normalarga muvofiq ravishda targ‘ibot faoliyatini amalga oshirish uchun teng sharoitlar yaratilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirishning eng so‘nggi texnologiyalari bilan tanishdilar. Shuningdek, yetakchi milliy ommaviy axborot vositalari siyosiy partiyalar va saylov komissiyalari tajribalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Seminar yakunida fuqarolarni ishonchli axborotlar bilan ta'minlash borasida jurnalist­lar hamda saylov jarayoni sub'yektlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkaziladigan saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.
Ziyoda AShUROVA.

Top