Jahon | 17:04 / 30.11.2025
6462
11 daqiqa o‘qiladi

Muxolifatchilar hibsga olinishi va energetika inqirozi. Qirg‘izistonda navbatdan tashqari parlament saylovlari qanday sharoitda o‘tmoqda?

Foto: Getty Images

Qirg‘izistonda 30 noyabr kuni Jogorku Keneshga navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Saylov sentabr oyida parlament o‘zini tarqatib yuborish uchun ovoz berganidan keyin tayinlangandi. Bu safargi saylov parlament roli zaiflashuvi, mamlakatdagi energetika inqirozi va muxolifatning ta’qib qilinishi fonida o‘tmoqda.

BBC ning Bishkekdagi muxbiri Aysimbat Tokoyeva saylovlar arafasida mamlakat siyosiy hayotidagi hozirgi vaziyat bo‘yicha material tayyorladi.

Qirg‘iziston parlamenti o‘zini o‘zi tarqatib yuborishiga rasman deputatlarning prezidentlik saylovlariga xalaqit bermaslik istagi sabab bo‘lgandi – navbatdagi parlament saylovlari 2026 yil dekabr oyida o‘tkazilishi kerak edi, prezidentlik saylovlari 2027 yil yanvarga belgilangan.

Ekspertlar esa hokimiyatning asl maqsadi prezident Sadir Japarovning qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan nazoratini kuchaytirish va Japarov ikkinchi muddatga qayta saylanishidan oldin raqobatchilardan qutulish ekanini ta’kidlaydi.

Mahalliy siyosatshunoslarga ko‘ra, bugungi kunda Qirg‘izistonda parlament nominal ahamiyatga ega bo‘lib qolgan. Japarov hokimiyatga kelishi bilan amalga oshirilgan islohotlar tufayli hokimiyat prezident apparati va prezident qo‘lida to‘plangan.

«Parlament ancha zaif bo‘g‘in hisoblanadi – 90-yillar yoki nolinchi yillardagidan ham ko‘proq darajada, – deb hisoblaydi siyosatshunos Emilbek Joroyev. – Chunki hozirgi vaziyatda hokimiyatning kuch ishlatar institutlari qo‘lloviga ega bo‘lgan prezidentda real siyosiy hokimiyat ancha kuchli. Va hozir, saylovlarga borar ekanmiz, albatta, ko‘pchilik ushbu parlament, kim saylanganidan qat’i nazar, hokimiyat uchun, Qirg‘izistondagi muhim qarorlar uchun hech qanday hal qiluvchi rol o‘ynamasligini tushunib turadi».

Shunga qaramay, Joroyevning so‘zlariga ko‘ra, bu saylovlar qiziqarli, chunki ovoz berish yangi tizim bo‘yicha o‘tkaziladi va ko‘plab okruglarda g‘oliblarni oldindan aytish qiyin.

Bu yil hokimiyat ovoz berish tizimini o‘zgartirdi – partiya ro‘yxatlari o‘rniga majoritar tizim joriy etildi, unda har bir saylov okrugidan yakunda parlamentga uch nafar deputat o‘tishi kerak.

Shu bilan birga, saylov to‘g‘risidagi qonun gender kvotasiga rioya etishni talab qiladi – har bir okrugdan saylanadigan uch deputatdan kamida bir nafari ayol kishi bo‘lishi kerak.

Rasmiylar saylov tizimini o‘zgartirish zaruratini «siyosiy korrupsiyaga qarshi kurashish va amaldagi saylov tizimining kamchiliklarini bartaraf etish istagi» bilan izohlagan.

Biroq, tanqidchilar yangi tartib aksincha korrupsiyaga hissa qo‘shishi va oddiy fuqarolarning saylovda ishtirok etish huquqini cheklashidan xavotir bildirdi.

Tuzatishlardan biri saylov garov puli miqdoriga taalluqli edi. Bu miqdor mustaqil nomzodlar uchun uch baravarga – 300 ming somgacha (3,4 ming dollardan ortiq), siyosiy partiyalar uchun esa to‘qqiz baravarga – 9 million somgacha (102 ming dollardan ortiq) oshirildi.

Parlament roli zaiflashuvi

Jogorku Kenesh kapital ta’mirdan keyin 2025 yil sentabrda ishga qaytdi

Islohotlar natijasida deputatlik mandatlari soni 120 tadan 90 taga qisqardi. Jogorku Keneshning vakolatlari sezilarli darajada qisqartirildi – endi deputatlar hukumatga ishonchsizlik bildira olmaydi. Prezidentga impichment e’lon qilish jarayoni ham murakkablashtirilgan.

«Parlament endi ko‘pincha undan tashqarida qabul qilingan qarorlar uchun „qonunchilik doirasi“, ya’ni oldindan qabul qilingan qarorlarni qonuniylashtirish uchun rasmiy institut rolini bajarmoqda», – deb hisoblaydi siyosatshunos Nargiza Murataliyeva.

Parlament reglamentni buzgani va «siyosiy» qonun loyihalarini bir necha o‘qishda shoshilinch qabul qilgani uchun bir necha bor tanqidga uchrab ulgurgan. Shunday yo‘l bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi, mamlakat bayrog‘i o‘zgartirildi va senzurani kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi.

Qirg‘iziston parlamenti prezident Japarovning iltimosiga binoan ishonchsiz ma’lumotlarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Natijada «feyklarga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun» jurnalistlarga qarshi ishlatildi – 2023 yilda Kloop mustaqil nashri saytlari noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda ayblanib, bloklangan. Joriy yilda rasmiylar nashr hammuassisini ekstremist deb topdi va mamlakatda Kloop faoliyatini taqiqladi.

Muxolifatchilar hibsga olinishi

So‘nggi yillarda Qirg‘iziston jurnalistlar, faollar va muxolifatchi siyosatchilar ta’qib qilinishi tufayli xalqaro reytinglarda «erkin demokratik» mamlakat maqomini yo‘qotdi.

Uch yil ichida mamlakat Jahon matbuot erkinligi indeksida 72 pog‘onaga pastladi va hozirda 180 mamlakat orasida 144-o‘rinni egallab turibdi.

Parlament saylovlariga bir hafta qolganida muxolifatchilar va mamlakat sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning sobiq yaqinlari qo‘lga olindi.

Hibsga olinganlar orasida muxolifatdagi Sotsial-demokratlar partiyasi a’zolari Temirlan Sultonbekov va Ermek Ermatov, shuningdek, partiya yetakchisi, sobiq prezidentning o‘g‘li Qodirbek Atamboyev ham bor.

Chapda Qodirbek Atamboyev, o‘ngda — Temirlan Sultonbekov

Tergov versiyasiga ko‘ra, Sultonbekov bir guruh tarafdorlari bilan parlament saylovlaridan keyin ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan, uning uyidan esa «katta miqdordagi pul va qurol» topilgan.

Siyosatchining onasi, deputatlikka nomzod Kiyal Toktorbayevaning aytishicha, ularning uyida tintuv paytida xavfsizlik kuchlari IIV press-relizida aytilgan qurol va boshqa narsalarni topa olmagan.

«Hokimiyat bizni bo‘g‘ib tashlashdan o‘zini to‘xtata olmayapti, – deyiladi Sultonbekovning hibsga olinganidan keyin yozgan xatida. – Ayblov hujjatida men inflatsiyaga qarshi chiqqanim, energetika inqirozi va mayning, shuningdek, chet el fuqarolari tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish muammolari haqida gapirganimni yozishgan. Bu haqda gapirish mumkin emasmi? Saylovda xalqning savolini ko‘tarish mumkin emasmi?»

Sultonbekov bilan birga ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlikda ayblanib, 10 kishi hibsga olingan. Jinoyat kodeksining ushbu moddasi Qirg‘izistonda jurnalistlar va faollarga qarshi eng ko‘p qo‘llanadigan modda hisoblanadi.

Masalan, ommaviy tartibsizliklar ishi bo‘yicha Temirov Live YouTube loyihasining ikki surishtiruvchi jurnalisti besh va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Shunga o‘xshash modda bo‘yicha mamlakatda ekstremistik deb topilgan Kloop nashrining ikki sobiq operatori besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo aybiga iqror bo‘lganidan keyin ularga qamoq jazosi uch yillik shartli jazoga almashtirilgan.

Mamlakatdagi energetika inqirozi

Parlament saylovlari energetika inqirozi fonida o‘tkazilmoqda. Qishki isitish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatda elektr energiyasi tanqisligi keskinlashdi va yoqilg‘i narxi 8 foizga oshdi.

Energetika inqirozining asosiy sabablari GESlar quvvati yetishmasligi bo‘ldi. Rasmiylar buni mustaqillik yillarida aholi soni ko‘paygani va tarmoqdagi yuklama oshgani, biroq mamlakatda energetika taqchilligini qoplaydigan yangi yirik gidroelektr stansiyalari qurilmagani bilan izohlaydi.

Elektr taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatni mamlakatdagi eng yirik To‘xtag‘ul suv omborida suv tanqisligi yanada kuchaytirdi. Suv omborlarini to‘yintiruvchi daryolarda suv hajmi kamayishiga esa iqlim o‘zgarishi va muzliklar qisqarishi sabab bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev suv omboridagi suv sathini «kritik darajada past» deb atagan – suv omboridagi suv hajmi bir yil oldingiga nisbatan qariyb 2 milliard metr kubga kam. Vazir elektr energiyasini tejashga chaqirgan va «agar xalq bu chaqiriqqa quloq solsa», qish uzilishlarsiz o‘tishiga va’da bergan.

Hukumat allaqachon barcha davlat muassasalariga soat 18:00 dan soat 6:00 ga qadar elektr ta’minotini o‘chirishga ko‘rsatma bergan. Mayning fermalar faoliyati vaqtincha taqiqlangan.

Davomat past

Bu safargi parlament saylovlari aholining saylovlarga qiziqishi pasayishi fonida bo‘lib o‘tmoqda.

2020 yil kuzida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida saylov berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 56 foizdan ortig‘i ovoz berishda ishtirok etgandi. Keyingi saylovda esa davomat 34 foizni tashkil etdi.

Rasmiylar muammoni tan olmoqda. Buni hal qilish uchun ular masofadan turib elektron ovoz berishni joriy etishdi. Ayrim deputatlar saylovda «uzrli sabablarsiz» ishtirok etmagan fuqarolarni jarimaga tortishni taklif qilgan.

Prezident Japarov parlament saylovlari arafasida fuqarolarni insofga chaqirib, mamlakatda avval ham keng ko‘lamli norozilik namoyishlari va siyosiy beqarorlik bo‘lganini eslatdi. Davlat rahbari mitinglar «ovozlarni sotib olish va xalq fikrini e’tiborsiz qoldirish» holatlari kuzatilgan adolatsiz saylovlar natijasi bo‘lganini ta’kidlagan.

Qirg‘izistonda inqiloblar va davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyat uch marta o‘zgargan: 2005, 2010 va 2020 yillarda. Japarovning o‘zi 2020 yil oktyabr oyida parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolifatchilar va faollar namoyishlari vaqtida hokimiyatga kelgandi.

O‘shanda Japarovning tarafdorlari namoyishlar to‘lqinidan foydalanib, uni qamoqdan ozod qilishgandi. U 2013 yil «Qumtor» konidagi tartibsizliklar chog‘ida odamlarni garovga olishda ayblangach, mamlakatni tark etgan, 2017 yilda vatanga qaytganida qo‘lga olinib, 11 yildan ortiq muddatga qamalgandi. Siyosatchi o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish siyosiy motivlarga ega bo‘lganini aytgan.

Mavzuga oid