2016 yil 25 noyabr sanasi Kuba respublikasi tarixida qora satrlar bilan qayd etiladi. Davlat va siyosat arbobi, hozirgi Kuba davlati asoschisi Fidel Alexandro Kastro Rus dunyodan ko‘z yumdi.
U 1926 yil 13 avgustda Kubaning Orente viloyati Biran qishlog‘ida yirik yer hududlariga ega va shakarqamish yetishtiruvchi Anxel Kastro oilasida dunyoga keldi.
Uning yoshlik va talabalik chog‘laridagi do‘stlari, ustozlarining xotirlashicha, Kastro qiziquvchanligi, shuhratparastligi va o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishi bilan ajralib turgan.

Diniy kollejda ta'limni tugatgan Fidel Havana universitetida huquqdan ta'lim oladi. Shundan so‘ng, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ammo, u siyosiy faoliyatini talabalik davridayoq boshlagan. Uni haddan ortiq radikallikda ayblagan partiya rahbariyati 1952 yilda deputatlik uchun kurashgan Kastro nomzodini tasdiqlamaydi.
O‘sha yili Kuba hokimiyatini davlat to‘ntarishi vositasida egallab olgan Fulxensio Batistaga qarshi kurashadi hamda uni sud javobgarligiga tortish fikrini ilgari suradi.

1953 yilda Fidel va uning 165 kishidan iborat safdoshi Batista garnizonlaridan biriga hujum qiladi, ammo aksar isyonchilar o‘ldiriladi, Fidel Kastro boshqa safdoshlari bilan birga 15 yilga qamaladi. Ana shu mahkama so‘nggida Kastro dunyoga mashhur bo‘lib ketgan nutqini “tarix meni oqlaydi”, degan so‘zlari bilan yakunlagan edi.
Jamoatchilik bosimi ostida Kastro umumiy amnistiya qarori asosida ozod etiladi, shundan so‘ng Meksikaga yo‘l oladi.

Kastro xorijda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgach, 1958 yilda Ernest Che Gevara va boshqa do‘stlari bilan birga vataniga qaytadi. Ayni shu voqea Kubaning kelgusi taqdirini o‘zgartirib yuborgani, tarix sahifalariga bitilgan.
Kastro va Che Gevara rahbarligidagi partizanlik harakati kuchayib, 1959 yilda Havanani egallaydi. Batista hukumati ag‘darilib, Kubaga boshqa rahbar tayinlandi, Fidel Kastro Kuba qo‘shinlari bosh qo‘mondoni va hukumat rahbari bo‘ldi.
Uning boshqaruvi vaqtida Kubada bepul tibbiy xizmat paydo bo‘ldi, aholi savodxonligi oshdi, sayyohlik sanoati rivojlandi. Hozirda, Kuba tibbiyoti Lotin Amerikasida eng rivojlangan sohalardan biri hisoblanadi.




























