19:30 / 01.12.2016
11254

Avstriya sudi o‘z tarixida birinchi marta noodatiy ishni hal qilishiga to‘g‘ri keldi

Foto:Getty images

Avstriya oliy sudi tarixda birinchi marta Venada yashovchi ikki kishi orasida tamaki chekish deb uzoq davom etib kelayotgan nizoga aralashishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘p kvartirali uyda yashovchi ikki qo‘shni o‘rtasidagi nizo sigaret tutuni deb emas, balki sigaradan anquvchi hid deb vujudga keldi. Uyda yashovchi erkaklardan biri tagidagi qo‘shnisining balkonidan yoki oynasidan yuqoriga ko‘tarilayotgan sigara hidi sababli uzoq vaqt aziyat chekib kelgan. Natijada sud sigara ixlosmandiga kunning ma'lum soatlarida uyda chekishni taqiqlab qo‘ydi.

Die Presse nashrining yozishicha, bu ishdagi jabrlanuvchi 7-qavatda, uni bezovta qilayotgan qo‘shnisi esa 6-qavatda yashaydi. Sigara chekuvchi erkak yozuvchi bo‘lib, u kuniga 2 ta sigara: bir sigarani kunduzi, ikkinchisini esa tungi vaqtlarda ishlaganda chekishga odatlangan. Qishda va ob-havo sovuq vaqtlarda u oynalari yopiq holatda, yozda esa balkonda yoki oynalarini ochib qo‘yib sigara chekadi. Aynan yozgi vaqtdagi sigara tutashish yuqori qavatdagi erkakni juda bezovta qiladi. Yuqoriga ko‘tarilayotgan sigara dudi uning uyiga kirib, uning uxlashiga xalaqit qilar ekan.

Sud ushbu ishni batafsil taftish qilib, yozuvchiga may oyidan oktabrgacha soat 22:00dan tonggi soat 06:00 gacha uyida chekishni taqiqlab qo‘ydi. Ushbu taqiqlov kunduzi ham ma'lum soatlarda amal qilishi belgilab qo‘yildi, ya'ni erkak qo‘shnisi ovqatlanayotganda ham cheka olmaydi. Sovuq havoda esa erkak kunduzi bir necha soat cheka olmaydi, chunki qo‘shnisi uyini shamollatib turishi mumkin. Kechasi esa unga bemalol chekaverishga ruxsat etildi, chunki sovuq havoda bunday payt oynalar odatda yopiq bo‘ladi. Shu bilan birga sud sigara hidi haqiqatan ham jabrlanuvchining sog‘lig‘iga zarar yetkazishini va uning xonadonidagi tamaki tutuni qanday miqdorda ekanligini aniqlay olmagan.

Dastlab jabrlanuvchi qo‘shnisiga umuman kvartirasida chekishni taqiqlatmoqchi bo‘lgan. Biroq sud bir uyda yashovchi erkaklar qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy me'yorlarga amal qilishlari kerak, deb hisoblagan, demakki, ular bir-birlarining manfaatlarini hisobga olishlari lozim.

 

Mavzuga oid
Top