00:01 / 07.12.2016
10293

Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston rahbari telefon orqali muloqot qilishdi

Foto: © RIA

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida 2016 yil 6 dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Turkmaniston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi.

Suhbat chog‘ida o‘zbek va turkman xalqlarining tarixiy mushtarakligi, ma'naviy va madaniy qadriyatlari yaqinligi ta'kidlandi.

Mamlakatlar rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi serqirra hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlatlar rahbarlari do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan yuksak darajadagi davlatlararo munosabatlarni mamnuniyat bilan qayd etib, bundan buyon ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy va ochiq muloqotlarni faol davom ettirishga qat'iy ishonch bildirdilar. 

Tomonlar mamlakatlarimiz xo‘jalik sub'yektlari va yetakchi kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalar hamda yaqin hamkorlik sezilarli ravishda faollashayotgani, shuningdek, hamkorlikdagi ishlarda amaliy natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tdilar. 

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda Turkmanistonga rasmiy tashrif bilan kelishini taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.

 

Mavzuga oid
Top