18:49 / 14.12.2016
6278

Erdo‘g‘an terrorchilik bilan kurashda “milliy safarbarlik” haqida ma'lum qildi

Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat fuqarolarini “milliy safarbarlik”ka chaqirdi. U buni Istanbulda ro‘y bergan navbatdagi teraktdan so‘ng terrorchilik xavfi sabab ma'lum qilgan.

Istanbul markazida 10 dekabr kuni yuz bergan portlash oqibatida 44 kishi halok bo‘lgandi. Terakt uchun javobgarlikni “Kurdiston ozodlik qirg‘iylari” o‘z zimmasiga oldi.

“Men milliy safarbarlik haqida e'lon qilaman. Endilikda tog‘da yoki shaharda bo‘lgan terrorchilar, ularga yordam berayotganlarga bir zum ham tinchlik berilmaydi. O‘z xavfsizlik kuchlarimizga murojaat qilaman: siz bilan terrorchilarga qarshi butun mamlakat, butun xalq. O‘zingizning barcha vakolatingizdan foydalanishingiz mumkin”, - deya ma'lum qildi Erdo‘g‘an Anqarada qishloqlar ma'muriyati rahbarlari oldida chiqish qilib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya hozirda Kurdiston ishchi partiyasi, IShID, islom dini targ‘ibotchisi Fathulloh Gyulenning tashkiloti va boshqalar bilan kurash olib bormoqda. 

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, “ma'lum bir kuchlar” Anqarani mintaqadagi vaziyatga aralashtirmaslik va ichki muammolarga bor e'tibor qaratishini istamoqda. “Biz buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Turkiyani vayronaga aylantirishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu Suriya, Iroq, Liviya va boshqa mamlakatlarda ro‘y berdi. Biroq Turkiyada bu bo‘lmaydi”, - deya ta'kidlab o‘tgan Turkiya yetakchisi.
 

Top