12:14 / 20.12.2016
12386

Misr generali: Rossiya elchisining o‘ldirilishi Erdo‘g‘an siyosatiga qarshi qaratilgan

Foto: © AP

Dushanba 19 dekabr kuni Rossiyaning Turkiyadagi elchisiga Anqarada suiqasd qilinishi, birinchi navbatda, Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an siyosatiga qarshi qaratilgan edi. U Rossiya bilan qalin aloqalarni qayta yo‘lga qo‘ygan edi, deb fikr yuritmoqda Misr davlat xavfsizligi rahbarining sobiq o‘rinbosari, brigada generali Fuad Allam. 

"Bu, hammasidan ham avval, Erdo‘g‘an hokimiyatiga qarshi qaratilgan. Dastlab, uning Rossiya bilan aloqalari keskinlashgan, biroq, keyinchalik, u bu munosabatlarni yaxshiladi", — degan general RIA Novosti agentligiga.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya vakiliga hujum Turkiya hukumatining armiya, maxsus xizmatlar va politsiya safida o‘tkazgan tozalash amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Natijada, ushbu tuzilmalarning sobiq xodimlari amaldagi hukumatga dushmanona kayfiyatini saqlab qolgan. 

"Turkiya – uxlab yotgan vulqon, u istalgan vaqtda otilishi mumkin. Ayniqsa, Erdo‘g‘an davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng Turkiya armiyasida amalga oshirgan tozalashlardan keyin, bu yanada kuchaydi. ... Erdo‘g‘an harakatlari baribir o‘zining salbiy oqibatlariga ega bo‘ladi, bu mamlakatdagi vaziyat o‘ta beqaror", — degan Fuad Allam. 

Ayni chog‘da, boshqa bir misrlik ekspert, Misr Oliy harbiy akademiyasi maslahatchisi, general Mahmud Xalafning fikricha, rossiyalik elchining o‘ldirilishi, Turkiya xavfsizlik tizimida nuqsonlar borligini ko‘rsatadi. 

"Bu Anqarada yuz berdi… Elchiga shunchalik osonlik bilan yaqinlashish xavfsizlikni ta'minlash borasida hammasi ko‘ngildagidek emasligini anglatadi. Axir, xorijiy diplomatik vakolatxonalarni himoya qilish har bir davlatning asosiy vazifalaridan biridir", — degan ekspert.

19 dekabrda Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovga fotoko‘rgazma ochilishi chog‘ida o‘q uzilgan edi. Maxsus amaliyotda o‘ldirilgan qotil Mavlut Mard Oltintosh Turkiya politsiyasida 2,5 yil ishlagan. 

Top