08:20 / 20.12.2016
8358

Tahlil: O‘tish o‘yini kerakmi?

Foto: Google image

Taniqli sport jurnalisti Qahramon Aslanov futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida quyi ligadan yuqori ligaga o‘tish o‘yinlari tashkil etilishiga e'tibor qaratdi. Uning "O‘tish o‘yini kerakmi?" nomli maqolasi maydon.uz saytida nashr qilingan. Quyida ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

Biror bir liganing kuchini, saviyasini aniqlashning turli mezonlari bor. Masalan, yetakchi klublarning xalqaro maydondagi ishtiroki yoki chempionlikka kurashuvchi jamoalarning qanchalik ko‘pligi va hokazo.

Yana bir o‘ziga xos o‘lchov bor – ushbu ligadan qo‘yida bo‘lgan liganing saviyasi. Ya'ni ushbu ligaga chiqish uchun kurashuvchi jamoalarning saviyasi qay darajada? Mavzuni sal aniqlashtiradigan bo‘lsak, birinchi ligamizda oliy liga saviyasidagi, oliy liga jamoalari bilan tarkib, saviya, byudjyet jihatidan bellasha oladigan klublar bormi? Javobni bilamiz. Albatta, yo‘q!

Afsuski, O‘zbekistonda oliy va birinchi liga orasida yer bilan osmoncha farq bor. Oliy liga klubining byudjyeti bir necha barobar ko‘p. Oliy liga klublarida sezilarli darajada saviyaliroq futbolchilar to‘p suradilar. Bu holat milliy chempionatimizdagi raqobatga, oliy ligamizning umumiy ko‘rinishiga salbiy ta'sir qiladigan asosiy muammolarimizdandir.

Lekin bugungi masala bu haqida emas. Yaqinda oliy ligada 15-o‘rinni olgan “Navbahor” va birinchi liga g‘oliblaridan biri “Norin” o‘rtasida o‘tish bahsi bo‘lib o‘tdi. Har ikki jamoa uchun o‘tgan mavsumning mazmunini aniqlab beruvchi bahs. Xo‘sh, “Navbahor” o‘z tarixidagi eng omadsiz mavsumini qutqarib qola oladimi? “Norin” ajoyib o‘tkazilgan yilni mantiqiy yakunlashga o‘ziga kuch topa oladimi?

O‘sha bahs ushbu savollarga javob berishi lozim edi. O‘zimizni aldab nima qilamiz, o‘yindan oldin ham bu savolning javobi hammamizga ma'lum bo‘lgan. Albatta, “Navbahor” katta ustunlik bilan “Norin” ustidan g‘alaba qozonishini hammamiz taxmin qila olgandik. Yuqorida aytganimdek, tarkib jihatidan namanganliklar “Norin”dan ko‘ra ancha ustun edilar. O‘yin davomida bu isbotlandi ham.

Shu yerda bir paradoksal fikr aytmoqchiman. Birinchi va oliy liga saviyasi o‘rtasida juda katta farq bor ekan, demak o‘tish o‘yinini o‘tkazishdan mantiq yo‘q. Aslida “Navbahor” birinchi ligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib ketib, “Norin” oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish kerak edi. Qizig‘-a, “Navbahor”ning “Norin”dan kuchli ekanini aytib turib, nega “Norin” oliy ligada qatnashishi kerak edi, deyapman?

Chunki, “Norin” hozir “Navbahor”dan kuchsiz, ammo, agar oliy ligaga chiqqanida bahorga kelib, “Norin” kuchliroq bo‘lar edi. Ya'ni maqsad aynan hozir kim kuchliroq ekanini aniqlashda emas, ushbu mavsumdagi omadli va omadsiz jamoalarni aniqlash, bo‘lishi kerak.

Bugun “Norin” “Navbahor”dan kuchliroq bo‘lib, o‘tish turnirida g‘alaba qozonishi umuman mumkin bo‘lmagan ish edi. “Norin” – birinchi liga jamoasi. Byudjyetini aynan birinchi ligaga moslagan. Tarkibida to‘p surayotgan o‘yinchilar ham birinchi liga o‘yinchilari. “Norin” birinchi ligada o‘ziga qarshi o‘ynaydigan raqiblarga mos o‘laroq tarkib tuzgan.

“Navbahor” esa, oliy ligada to‘p surdi. Jamoa tarkibi, holati oliy ligaga mos. Qanday qilib, bu yerda “Norin”da imkoniyat bo‘lishi mumkin?

Butun mavsum birinchi ligada o‘ynaydigan “Norin” o‘z tarkibini “Navbahor” bilan o‘yinga moslab olib yurolmasdi, to‘g‘rimi? O‘tish o‘yini oldidan transferlarga ro‘xsat berish esa, kattaroq maynavozchiliklarga sabab bo‘lishini avval kuzatgandik. Bir necha yil oldin “Sho‘rtan” jamoasi oliy ligaga o‘tish turnirida qatnashish oldidan mavsumni oliy liganing boshqa jamoalari safida yakunlagan bir qator tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olib, g‘olib chiqqan edi.

“Navbahor” bugungi holatida “Norin”dan ham, birinchi ligada chiqqan “Dinamo”dan ham kuchli bo‘lishi mumkin. Ammo muvaffaqiyatsiz mavsum natijasida birinchi ligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib ketishi adolatliroq bo‘lardi.

Yuqori ligaga pley-off o‘yinlari orqali chiqish tajribasi masalan Germaniya va Angliyada ham qo‘llaniladi. Lekin farqi bor. Germaniyada bundesliga va ikkinchi bundesliga o‘rtasidagi farq bizniki kabi katta emas. Alohida o‘yinlarda har qaysi biri g‘olib chiqishi mumkin. Ligalar o‘rtasidagi farq kattaroq bo‘lgan Angliyada esa, pley-off Chempionship jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ya'ni g‘olib, yil davomida bitta turnirda qatnashib, kurashgan jamoalar o‘rtasida aniqlanadi.

Kuchli jamoani tushirib yuborib, kuchsizroq “Norin”ni oliy ligaga chiqarish ligani kuchsizlantirib yuborishi mumkin, deyish ham xato. Baribir bahorga borib, “Norin” ham boshqa oliy liga jamoalari singari tarkibini kuchaytirib olish, byudjyetini aynan oliy ligadagi raqiblariga moslab olish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Ya'ni, butun mavsum yuqori o‘rinlar uchun kurashib, yilni muvaffaqiyatli o‘tkazgan jamoa birgina o‘yin natijasida qolib ketmasligi kerak edi.

Yoki mavsum boshidan oliy ligani birgina jamoa tark etib, faqatgina birinchi liga g‘olibi uning o‘rnini egallashini belgilab qo‘yish kerak. Ana o‘shanda e'tiroz bo‘lmaydi, hammasi to‘g‘ri bo‘ladi. “Norin” ham, “Navbahor” ham mavsum yakunida o‘zining keyingi o‘rnini bilib oladi. Bu ikki jamoani o‘zaro o‘ynatib, “kuchli”sini aniqlashdan foyda yo‘q. O‘tish o‘yinidan voz kechish kerak.

Top