14:58 / 03.01.2017
33084

Qamchiq dovoni orqali yuklarni tashishga cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda

Arxiv fotosi

O‘zbekiston hukumati Qamchiq dovoni orqali ba'zi yuk mashina turlarida yuklarni tashishga cheklov kiritmoqchi.

Vazirlar Mahkamasining "Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 iyuldagi "Qamchiq" dovoni orqali avtomobil transportida yuk tashishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 204-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi me'yoriy-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida ma'lum qilindi. 

"2017 yil 1 yanvardan "Qamchiq" dovoni orqali  25 yil va undan ortiqroq vaqt davomida foydalanilgan yuk mashinalari va shatakchi-avtomobillarda yuk tashish taqiqlansin" deyilgan qaror loyihasida.  

Shuningdek, 2017 yil 1 iyuldan davon orqali bir yetaklovchi o‘qqa tushadigan yuklama 11,5 tonnadan oshadigan avtotransport vositalari, ikkitalik o‘qqa tushadigan umumiy yuklama 20 tonnadan va uchtalik o‘qqa tushadigan yuklama 24 tonnadan oshadigan tirkama, yarimtirkama, yuk avtomobillar, shatakchi-avtomobillar yordamida yuklarni tashish taqiqlanadi.

Qaror loyihasida o‘qlarga tushadigan yuklama ko‘rsatkichlari vakolatli idoralarning maxsus ruxsatlariga ko‘ra yirik gabaritli, bo‘linmaydigan va og‘ir vaznli yuklarni tashuvchi va "Qamchiq" dovoni yo‘l-transport infratuzilmasi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash bo‘yicha ishlarga jalb qilingan yuk avtotransport vositalariga tatbiq qilinmaydi.

Top