O‘zbekiston | 11:03 / 03.01.2017
9149
4 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin: Xitoy va O‘zbekiston – yaqin do‘stlar va ishonchli hamkorlardir

Xitoy va O‘zbekiston – yaqin do‘stlar va ishonchli hamkorlardir. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan maktubida ma'lum qildi.

2017 yilning 2 yanvar kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi.

“Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni va ezgu tilaklarimni izhor etaman”, - ta'kidlab o‘tdi Xitoy rahbari. 

“Xitoy va O‘zbekiston – yaqin do‘stlar va ishonchli hamkorlardir. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan buyon o‘tgan 25 yil davomida Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari izchil va barqaror rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etgan, o‘zaro siyosiy ishonch mustahkamlanmoqda. "Bir qutb, bir yo‘l” barpo etilishida dastlabki muhim natijalarga erishildi, “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqda”, - ta'kidlaydi Si Tszinpin. 

“Mamlakatlarimiz asosiy manfaatlariga doir masalalarda bir-birini qat'iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Davlatlarimiz umumiy manfaatlarimizni himoya qilish maqsadida BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimiz imzolagan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro munosabatlarimizni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 2016 yilda biz har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdik, turli sohalardagi hamkorligimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xitoy munosabatlarimizning muvaffaqiyatlaridan mamnun va u istiqbolda yanada rivojlanishiga ishonchi qat'iydir”, - qo‘shimcha qildi u. 

“Men Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa'y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi. Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo‘lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman”, - deya ta'kidlab o‘tgan Si Tszinpin. 

“Xitoy va O‘zbekiston do‘stligi yanada mustahkamlanib, jadal rivojlanaversin! Sizga mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!”, - dedi Xitoy rahbari. 

Mavzuga oid