16:01 / 05.01.2017
81565

"Shartim shuki, nogiron qizimga uylanasan..."

Alloh taologa taqvo qilish undan qo‘rqishdir. Alloh taolodan qo‘rqish esa, gunoh ishlarni tark etish va savob ishlarni ko‘p qilish ila sodir bo‘ladi.
Islom dinini bir tomonlama talqin qiluvchilarda taqvodorlik to‘g‘risida noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. Aksarilar taqvoni tarki dunyo qilish, qorong‘i xonaga kirib zikru-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish, deb tushunadilar.
 
Aslida, «taqvo» so‘zi «saqlanmoq», «ehtiyot bo‘lmoq» ma'nolarini anglatadi. U «viqoya» so‘zidan olingan bo‘lib, bir narsani unga ozor va zarar beradigan narsadan saqlashni anglatadi. Binobarin, taqvo o‘zini qo‘rqinchli narsadan saqlashdan iborat. Gohida «taqvo» xavf ma'nosida yoki aksincha ham ishlatiladi.

Hazrati Umar (roziyallohu anhu) dan: «Taqvo nima?» deb so‘ralganda, «Arablar sertikon maydondan yalangoyoq bo‘lib, tikondan saqlanib o‘tib ketishni taqvo deb ataydilar», deganlar. 

Hayotda gunoh ishlar ham xuddi tikonlarga o‘xshaydi. Kim ulardan ehtiyot bo‘lmasa, ozor chekadi, ulardan saqlanib yurgan kishi esa taqvo qilgan bo‘ladi. Oqibatda taqvo inson qalbidagi holatga aylanadi. Bu holat qalbni hassos qilib, har doim Alloh taoloning sezgisi bilan yashaydigan qilib qo‘yadi.

Shu o‘rinda bir qissani keltirib o‘tamiz:

Hijriy birinchi asrda Alloh taolodan qo‘rqadigan, taqvodor, kamsuqum, halol bir yigit yashar edi. U ilmu-ma'rifatga nihoyatda chanqoq edi. Lekin qo‘li qisqa, kambag‘al edi. Faqirligidan ko‘pincha hatto to‘yib ham ovqatlana olmasdi. 

Kunlardan bir kuni u azbaroyi ochlikning zo‘ridan uyidan ko‘chaga chiqishga majbur bo‘ldi. Chunki, uyida yeyishga hech narsa qolmagandi. U katta yo‘l bo‘ylab boshi oqqan tomonga qarab ketar ekan, bir vaqt mevali daraxtlar bilan to‘la bo‘lgan katta bog‘ oldidan chiqib qoldi. Bog‘ gir aylanasiga devor bilan o‘ralgan edi. Devorning bir joyidan olma daraxtining serhosil shoxlari tashqariga osilib turar va uning tagida bir-nechta sarhil va yirik olmalar yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotardi. Ko‘z oldida «Meni yemaysanmi?!», degandek maftunkor tovlanib turgan bunday chiroyli va yirik olmalarni ko‘rib, yigitning og‘zidan suvi qochib ketdi. O‘ziga o‘zi: «Baribir to‘kilib yotiptiku, men yemasam bularning huzurini chorvalar ko‘radi, yoki umuman hech kim yemasdan shu yerda qolib, chirib ketadi. Undan ko‘ra bittasini yeb, ochligimni ketkizsam, nima qilibdi?!», - degan o‘yni xayolidan o‘tkazdi-yu, olmalardan birini qo‘liga olib, yeb qo‘ydi. Bitta olma bilan oshqozonining alangasini so‘ndirgach, Allohga hamd aytib, uyiga qaytib ketdi. Va yana o‘zining kundalik yumushlariga, kitoblariga, mutolaasiga sho‘ng‘ib ketdi. Lekin negadir uning ko‘ngli allanechuk g‘ash bo‘lib qolgandi. «Olmani bog‘ egasining roziligini olmasdan yeyishni qanday qilib, o‘zingga ep ko‘rasan? Agar u norozi bo‘lsachi, unda nima qilasan?», degan o‘y-fikrlar uning halovatini o‘g‘irlagandi. Shu tariqa nafsi uni tinmay malomat qilib, vijdon azobida qiynala boshladi. «Qanday qilib birovning mulki bo‘lgan narsani so‘ramasdan yeb qo‘ydim-a, yeganimdan so‘ng loaqal rozilik ham so‘rab qo‘ymadim?», deya g‘am-g‘ussaga botdi. Ertasi kuni yigit bog‘ egasini qidirib bordi. Uni topgach, «Amaki, kecha qornim qattiq ochib ketganligidan bog‘ingizning olmasidan so‘ramasdan yeb qo‘yibman, hozir oldingizga o‘sha olmani yeganimga izn berishingizni so‘rab keldim», dedi. Shunda bog‘ egasi unga tikilib turdida: «Yo‘q, so‘ramasdan yegan olmang uchun hech qachon rozi bo‘lmayman, qiyomat kuni shu narsa uchun sen bilan da'volashaman», dedi. Yigit harchand yalinib yolborib, rozilik tilasa ham bog‘ egasi o‘z so‘zida qattiq turib oldi. Yigit unga: «Nima qilsam o‘sha olma uchun rozi bo‘lasiz, ayting», deya zor yig‘lab o‘tinch qildi. Ammo bog‘ egasi uni shu holatda ortidan yalintirib, uyiga kirib ketarkan, uning yolborishlariga zarracha ham parvo qilmadi. Yigit eshik ortida uning asr namoziga chiqishini ilhaq bo‘lib kutib turdi. Oradan ancha vaqt o‘tib asr namoziga azon ham aytildi. Bog‘ egasi uyidan chiqsa, boyagi yigit hali ham eshik oldida ko‘zidan yosh oqizib turardi. Yigit bog‘ egasini ko‘rishi bilan: «Amaki men mana shu bog‘ingizda umrimning qolgan qismini haq olmasdan bog‘bonlik bilan o‘tkazishga roziman, yoki siz nima desangiz o‘shani qilaman, faqat yegan olmamdan rozi bo‘lib, meni kechirsangiz bas», - dedi.

Shu vaqt bog‘ egasi biroz o‘yga toldida keyin: «Bolam men seni kechiraman, faqat bitta shart bilan», dedi. Nihoyat yigitning yuzlari yorishib, ko‘zlarida quvonch porladi. 

– Istagan  shartingizni aytavering, amaki, - dedi u.

– Shartim shuki,.. qizimga uylanasan!!! 

Kutilmagan bu shartdan yigitning hushi boshidan uchayozdi. Aqli shoshib, bu qanday shart bo‘ldi ekan, deya o‘ylab olishga ham ulgurmasidan bog‘ egasi so‘zlarini davom ettirdi: 

– Faqat shuni aytib qo‘yay, qizimning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar, tili soqov, yana oyoq qo‘li ham ishlamaydigan nogiron, faqat uyda o‘tiradi. Men anchadan beri, uni omonat topshirishim mumkin bo‘lgan va qizimni mazkur sifatlarining barchasi bilan qabul qiladigan kuyov qidirayotgan edim, agar shu shartimga ko‘nsang, yegan olmangga rozi bo‘laman.

Bundan yigit yana bir marta ruhiy zarbaga uchradi. «Bunday nogiron ayol bilan qanday qilib umrbod yashayman, axir juda yosh bo‘lsam? Bu ayol bunday og‘ir dardlari bilan qanday qilib mening yumushlarimni bajara oladi? Uyni qanday idora qiladi?», kabi bir-biridan qiyin savollar girdobida qoldi. 

Lekin yigit taqvodor bo‘lgani uchun bu dunyo hayoti emas, balki ko‘proq oxiratdagi hayoti haqida g‘am chekardi. Shuning uchun ham «Agar shu shartga ko‘nib, o‘sha nogiron qizga uylansam va sabr qilsam, buning uchun ko‘p ajrga ega bo‘laman inshoalloh, eng muhimi olma muammosidan xalos bo‘laman-ku», deya o‘ziga taskin va tasalli berdi. Keyin haligi kishiga yuzlanib: «Amaki, shartingizga roziman, qizingizni qabul qildim!», - dedi.

– Juda soz bolam, - dedi bog‘ egasi – kelayotgan payshanba kuni biznikiga kelasiz, kichik bir oilaviy ziyofat uyushtiramiz. Aytgancha, to‘yning sarf-xarajatlari mening bo‘ynimda, mahr ham, - qo‘shib qo‘ydi u. 

Payshanba kuni ham keldi. Qahramonimiz o‘z mahbubasining visoliga oshiqqan hamma kuyovlar singari shoshilib, qadamidan o‘t chaqnab emas, balki oyoqlarini zo‘r-bazo‘r sudrab, ko‘ngli siniq, xotiri parishon bir ahvolda bo‘lajak qaynotasining uyiga keldi.

Eshikni taqillatdi. Qaynotasi unga peshvoz chiqib, uyga olib kirdi. Noz-ne'matlardan tanovul qilib, uyoq-buyoqdan biroz suhbatlashishgach, nikoh marosimi bo‘lib o‘tdi, qaynota «O‘g‘lim, endi zavjangiz huzuriga marhamat qiling», deya kuyovni go‘shanga tomon boshlar ekan «Alloh taolo sizlarning juftligingizni muborak aylasin, orangizni xayru ezgulikda jam qilsin!», deya duoga qo‘l ochdi.

Shunday qilib, kuyov kelin o‘tirgan xonaga kirdi. Qarasa qarshisida nihoyatda go‘zal, badani sutdek oppoq, harirdek tim qora sochlari beliga qadar tushgan, qora qoshu-qora ko‘z, qaddi qomati raso, xushbichim, pariro‘y bir nozanin turardi. U asta qadam tashlab xojasi oldiga yaqin kelib, «Assalomu alaykum begim!», deya salom berdi. 

Bizning qahramonimiz ayni damda ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan ajib holatdan hushini yo‘qotayozgandi. «Tushimmi yo o‘ngimmi, qarshimdagi qiz jannat hurlaridan bir hurmidir, samodan tushgan, yoki men alahsirayapmanmi?» derdi o‘ziga-o‘zi. «To‘xta-chi, axir mening xotinim nogiron ediku?», deya xonadan chiqib ketmoqchi ham bo‘ldi.

Qiz ayni damda uning ko‘nglidan o‘tayotgan narsalarni payqab turardi. Shu bois, u hurmat bilan erining qo‘lidan o‘par ekan shunday dedi: «Begim, mening haromga, nomahramlarga qarashdan ko‘zlarim ko‘r, haromni eshitishdan quloqlarim kar, haromni so‘zlashdan tilim gungdir. Oyoqlarim harom tomonga bir qadam ham tashlamagan, qo‘llarim haromni ushlamagan... Otam aytgan so‘zlarning siri shu». Yigit kutilmaganda kulib boqqan bunday baxtdan dimog‘i chog‘ edi. Qiz so‘zlarini davom ettirdi: «Men otamning yolg‘iz qiziman. Otam anchadan beri menga munosib, solih juft qidirardi. U yerga tushgan bittagina olmani beruxsat yeb qo‘yganingiz uchun rizolik so‘rab kelganingiz va shuning uchun yig‘laganingizni ko‘rib, aynan siz menga munosib ekanligingizga amin bo‘ldi. «O‘ziniki bo‘lmagan bir dona olmani yegani uchun shu qadar qo‘rqadigan kishi mening qizim borasida ham Allohdan ko‘proq qo‘rqishi tayindir», deb aytdilar otam – «Otamga sizdek kuyov, menga esa sizdek umr yo‘ldosh muborak bo‘lsin!».

Bir yildan so‘ng bu qutlug‘ xonadonda farzand tug‘ildi. O‘sha farzand bu ummat tarixida o‘tgan noyob, buyuk shaxslardan biri bo‘lib yetishadi. Bilasizmi bu bolaning kimligini? U mashhur fiqhiy mazhab sohibi bo‘lmish, Imom Abu Hanifadir (rahmatullohi alayhi).

Alloh taolo aytganidek, «Kim Allohdan qo‘rqsa, U zot uning uchun (barcha g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur» (Taloq surasi, 2-oyati).

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Top