10:38 / 09.01.2017
9073

Burchini unutgan ota

Foto: Getty Images

Chortoq tumanida yashovchi Sohib Fozilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) xotini bilan ajrashganiga to‘rt yil o‘tgan bo‘lsa-da, turli bahonalar bilan aliment to‘lashdan o‘zini chetga olib keldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2012 yil 17 iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan S.Fozilov turmush o‘rtog‘i Laylo Fozilovaga bir nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan edi. Ammo sudning ushbu qaroriga panja orasidan qaragan, qonuniy burchini bajarishdan ochiqchasiga bosh tortgan “ota” hal qiluv qarori chiqqanidan boshlab joriy yilning 1 iyuliga qadar jami 11 mln. so‘mdan oshiqroq miqdordagi aliment pulini to‘lamay keldi.

Orada xotini birinchi va so‘nggi marta Sohibdan 750 ming so‘m pul undirishga muvaffaq bo‘ldi. Nihoyat yetishmovchiliklardan zada bo‘lgan, farzandini bir o‘zi boqishga qiynalib qolgan L.Fozilova noqobil eri ustidan ariza berdi...

S.Fozilov voyaga yetmagan farzandini ta'minlashdan bosh tortib kelganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq, unga nisbatan tegishli jazo tayinlandi. Uning sobiq turmush o‘rtog‘i, jabrlanuvchi Laylo Fozilovaning foydasiga 10 mln. 994 ming 89 so‘m undirib berilishi belgilandi.

 

Top