O‘zbekiston | 09:02 / 30.01.2017
19193
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax va Surxondaryo viloyatlari Senatga yangi senatorlarni taqdim etdi

27 yanvar kuni Jizzax viloyatida bo‘shab qolgan o‘ringa Oliy Majlis Senati a'zosi saylovi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimi, Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi raisi Ulug‘bek Uzoqov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi etib saylandi.

Shu kuni Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridagi "Yoshlar" markazi binosida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘ringa Oliy Majlis Senati a'zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimi, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Erkinjon Turdimovning senatorlik vakolati muddatidan ilgari tugatilgan edi. Bunga Erkinjon Turdimovning «xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati vakolati tugatilganligi» sabab qilib ko‘rsatilgan edi.

Xuddi shu kuni, «xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati vakolati tugatilganligi munosabati bilan», Surxondaryodan saylangan Baxtiyor Begimqulovning senatorlik vakolati muddatidan avval tugatilgan va Senatda Surxondaryoning bitta senatorlik o‘rni bo‘shab qolgan edi.

Surxondaryo viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Jizzax viloyati hokimi almashtirildi

Mavzuga oid