19:36 / 06.02.2017
14757

Toshkentda 49-avtobus yengil avtomobil aybi bilan ariqqa tushib ketgani ma'lum bo‘ldi

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta”

“Toshshahartransxizmat” mutaxassislari Toshkent shahrining Yashnobod tumanida dushanba kuni ertalab ro‘y bergan 49-sonli yo‘lovchi avtobusi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi tafsilotlarini keltirishdi, deb xabar berdi Nuz.uz.

2-avtoparkning harakat xavfsizligi bo‘yicha boshlig‘i Doniyor Yormuhammedov so‘zlariga ko‘ra, YTH dushanba kuni tonggi soat 5:30da Elbek ko‘chasida sodir bo‘lgan – “Isuzu” avtobusi reysga endi chiqayotgan bo‘lgan. Hodisa Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi aybi bilan yuz bergan.

“Oldinda ketayotgan Cobalt avtomobili birdan to‘xtadi. Shuning uchun avtobus haydovchisi to‘qnashuvdan qochish maqsadida rulni o‘ngga burib yuborgan. Biroq, sirpanchiq yo‘lda boshqaruvni yo‘qotib, ariqqa tushib ketdi”, - deya izoh bergan TShTX mutaxassisi.

Doniyor Yormuhammedovning aniqlik kiritishicha, o‘sha payt avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan. Transport vositasiga 120 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

Bundan avvalroq Toshkentda TTZ-“Do‘stlik” metro bekati yo‘nalishida harakatlangan 49-raqamli “Isuzu” yo‘lovchi avtobusi sirpanchiq yo‘lda ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top