18:44 / 08.02.2017
10221

Faqat Tesla emas: qaysi startaplar o‘z elektromobillarini ishlab chiqarmoqda

Ma'lumki, so‘nggi vaqtlarda neft zaxirasi kabi energiya manbalari kamayib borayotgani xususidagi xabarlar dunyo avtomobilsozlik sohasida umuman yangi yo‘nalishni rivojlantirishga turtki berdi. Endilikda, elektrokarlar ishlab chiqarish bilan ko‘plab startaplar shug‘ullanmoqda, ular o‘z mahsulotlarini ommaviy ravishda ishlab chiqishni rejalashtirishgan. Shunga ko‘ra, ular Tesla bilan raqobat qilishga shaylanishmoqda, deyish mumkin. Quyida akkumulyatorlarda harakatlanuvchi mashinalar bozorida yangi nomlarni paydo qiluvchi startaplar mahsulotini havola qilamiz. 

Faraday Future

Faraday Future — Amerikaning yana bir elektrokarlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, OAV unga «Tesla qotili» nomini berishdi. 2014 yildan faoliyatini boshlagan kompaniya 2016 yilgi CES ko‘rgazmasida o‘zining ilk avtomobili — FFZERO1 kontseptini namoyish qildi. Uning quvvati ming ot kuchiga teng edi. 

Biroq, keng jamoatchilik qator kamchiliklari tufayli uni salbiy baholadi. 2017 yil yanvar oyida Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan CES ko‘rgazmasida kompaniya o‘zining birinchi seriyali elektrokari — FF91 prototipini namoyish etdi. Uning taqdimotiga startap obro‘sini tiklash imkoniyati sifatida qaraldi.
 
Ammo, bu safar ham elektrokar o‘z taqdimotini deyarli sharmandali tarzda yakunladi. Mashina taqdimot chog‘ida haydovchi buyruqlarini bajarmadi, mustaqil ravishda turargohga joylana olmadi. Keyinchalik, loyiha vakillari buni ko‘rgazmalar zalining haddan ortiq yoritilgani bilan izohlashdi. 

Kompaniya avtomobillarni 2018 yildan yetkazib berishni rejalashtirgan. FF91 qo‘shimcha quvvatlashsiz 700 kmgacha bo‘lgan masofani ortda qoldira oladi. Shu bilan birga, u soatiga 100 km tezlikka 2,39 soniyada erishadi. Mashina muqobil boshqaruv va yuzni tanish tizimi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, FF91 jami 1050 ot kuchini tashkil etuvchi 4ta elektr motorga ega. Avtomobil batareyasi 4,5 soatda 50 foizga quvvatlanadi.

Rimac

Xorvatiyaning Rimac Automobili kompaniyasiga xorvatiyalik muhandis Mate Rimak asos solgan. O‘shanda u atigi 22 yosh edi. Kompaniya yuz minglab AQSh dollari turadigan poyga elektrokarlarini ishlab chiqaradi. 

Kompaniyaning Concept One nomli elektrokarining ilk kontsepti 2011 yilda Frankfurt avtosalonida namoyish etildi. GT Spirit avtomobil nashrining yozishicha, mashinaning yon chiziqlari Ford GT40 klassik avtomobilini, old ko‘rinishi — Ferrari mashinasini yodga solgan. Uni ortidan ilmiy-ommabop filmlardan kelgan avtomashinaga o‘xshatish mumkin edi. 

Avtomobil tormozni ishga tushirganda elektr energiyasi ishlab chiqarar, yon oynalari kameralarga almashtirilgan edi. Orqani ko‘rish oynasi umuman olib tashlanishi ham yangilikdir. Havoni sovutish tizimi, o‘lchash asbob-uskunalari va multimedia Rimac Automobili tomonidan yangidan ishlab chiqildi. 

Ishlab chiqarish quvvatining 90 foizi Xorvatiyaning Zagreb yaqinidagi zavodida joylashgan. Elektromobilning ayrim qismlarigina xorijdan keltirildi. 2016 yil martida bo‘lib o‘tgan Jyeneva avtoshousida Rimac Automobili o‘zining yangi elektrokari Concept S modelini namoyish etdi. Buni aslida dizayni birmuncha o‘zgartirilgan Concept One superkarining yangi avlodi edi, deyish mumkin. 

Concept S 2,5 soniyada soatiga 100 km tezlikka chiqa oladi. 5,6 soniyada 200 km, 13,1 soniyada soatiga 300 km tezlikka erishadi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 365 kmni tashkil etadi. Bunga avtomobil o‘qi bilan mustaqil ravishda biriktirilgan ikki siquvchiga ega uzatmalar qutisi imkon beradi. 

2013 yil martida Hongkongning Sinocop Resources metallurgiya kompaniyasi Rimac Automobili aksiyalarining 10 foizini 5 mln yevro naqd pul va 2 mln aksiyasi evaziga xarid qildi. «Endi bizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va sinovlarni o‘tkazish uchun mablag‘ bor», — degan edi Mate Rimak. Uning rejalarida — xodimlar sonini oshirish va Concept One elektrokarini dastlab yiliga yuz dona, keyinchalik  mingtagacha ishlab chiqarishni tashkil etish bor. 

LeEco

Xitoyning smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasining LeEco brendi ostidagi LeSee elektromobili birinchi marta 2016 yil aprelida namoyish etildi. Kompaniyaning fikricha, u nafaqat Tesla elektrokarlari bilan raqobat qiladi, balki LeEco mahsulotlari bilan uyg‘unlashuvi sababli ularni ortda ham qoldiradi.

Albatta, LeEco elektromobillarini ishlab chiqarishda Faraday Future kompaniyasi quvvatlaridan foydalanishni rejalashtirgan. Ikkala kompaniya umumiy sarmoyador, xitoylik milliarder Tszya Yuetin vositasida o‘zaro chambarchas bog‘liq. 

LeEco matbuot xizmatiga ko‘ra, 2016 yil avgustida kompaniya LeSee elektromobillarini Xitoyda yig‘ishni boshlagan. 2016 yil sentabrida LeEco vakillari elektrokarlarni yetkazib berishni 2018 yildan boshlashini ma'lum qilishdi. 

Lucid Motors

Elektrokarlar bozorining yana bir yangi ishtirokchisi bu — Kaliforniya startapi Lucid Motors kompaniyasidir. 2016 yil dekabr oyida jamoa OAV vakillariga o‘zining birinchi elektromobili Air prototipini namoyish qildi. U ham Tesla modellariga raqobatchi bo‘lishi kerak.

Tesla kabi Lucid Motors Air yuqori toifadagi sedanlar turkumiga kiradi. Avtomobil bir marta quvvatlangach, 650 kmgacha masofani ortda qoldira oladi, soatiga 100 km tezlikka 2,5 soniyada erishadi. 

Loyiha vakillarining qayd etishlaricha, elektromobil, shuningdek, BMW va Mercedes sedanlari bilan ham raqobat qilishga loyiqdir. Lucid Motors Air narxi eng to‘liq jihozlanganda 100 ming dollardan qimmat turadi.

Tesla, Mazda va VW (Folksvagen), BMW kompaniyalarida ishlagan mutaxassislar tomonidan asos solingan Lucid Motors 2017 yilda Arizonada o‘z elektrokarlarini ommaviy ravishda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Loyiha shu maqsadda 130 mln dollar miqdorida investitsiyani o‘zlashtirishga ham muvaffaq bo‘ldi. 

Nikola Motor

2016 yil dekabr oyi boshlarida Amerikaning Nikola Motor kompaniyasi vodorod-elektrdvigatelda harakatlanuvchi Nikola One yuk mashinasini namoyish qildi. U yuklarni 2 ming kilometrgacha bo‘lgan uzoq masofalarga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. 

Akkumulyator batareyasining bir martalik quvvatlanishi hamda vodorod baki yoqilg‘i bilan to‘ldirilgach, harakatlanish tartibi va yuklanishga bog‘liq ravishda u 1,3 ming kilometrdan 1,9 ming kilometrgacha masofani ortda qoldira oladi. 

Dvigatel quvvati 1000 ot kuchiga teng bo‘lib, soatiga 105 km tezlikkacha harakatlana oladi. Nikola Motor hisob-kitoblariga ko‘ra, yuk mashinasi soatiga 100 km tezlikka yuk bilan 30 soniyada erishadi. Mashinaning o‘z vazni to‘plamiga ko‘ra, 8,2-9,5 tonna atrofida bo‘ladi.

Nikola Motor yangi yuk mashinalarini 2020 yildan ishlab chiqarish niyatida. U, shuningdek, o‘zining xususiy vodorod quyish tarmoqlarini rivojlantirmoqchi. 

Fisker

Umuman, elektromobil kontseptlarini taqdim etish borasida 2016 yil o‘ziga xos rekord qayd etdi. Avval ham Hollivud yulduzlari orasida muqobil avtomobillari bilan mashhur bo‘lib ketgan Fisker kompaniyasi elektrokarining yangi kontseptini namoyish etdi. 

Eshiklari tepaga ochiladigan avtomobil grafenli akkumulyator bilan jihozlanadi. Ular ancha samarali va litiy-ionli batareyalarga qaraganda arzonroq turadi. Biroq, hozircha, bu turdagi batareyalarni sanoat darajasida ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilmagan.

Mavzuga oid
Top