14:04 / 13.02.2017
12119

“Jiguli”dagi ho‘kiz yoxud bir jinoiy guruh qilmishi

O‘tgan yilning yoz va kuz oylari Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Kasbi tumanlaridagi ayrim qishloqlarda yashovchi fuqarolar uchun ancha tashvishli keldi. Go‘yo qishloqqa bo‘ri oralagandek, goh semizgina ho‘kiz, goh sigir va buzoqlar g‘oyib bo‘la boshladi. Kimdir bu haqda ichki ishlar organiga xabar qilsa, kimdir molim o‘zi yechilib dalaga chiqib ketgandir deb uni o‘zi qidirishga tushar, ammo barcha harakatlari zoye ketardi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Birovning mulkiga ko‘z olaytirayotgan kimsalarni aniqlab, qo‘lga olish borasida tezkor-profilaktik chora-tadbirlar belgilandi. Tuman ichki ishlar bo‘limlari tomonidan tajribali jinoyat qidiruv xizmati xodimlari, profilaktika inspektorlari hamda qishloq faollari jalb etilgan holda, o‘g‘riliklarning oldini olish va fosh etish bo‘yicha tungi guruhlar tashkil etildi. Bu, albatta, ko‘p o‘tmay o‘z natijasini berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu jinoyatlarni sodir etgan kimsalar aniqlanib, qo‘lga olindi.

...2016 yilning 15 oktabrga o‘tar kechasi taxminan soat 02:30larda viloyatning Qarshi tumanidagi Poshton qishlog‘i hududida tungi guruh tarkibida xizmatga jalb etilgan ichki ishlar organi xodimlari shubhali holatga duch kelishdi.

Qishloq yo‘lidan chiqqan oq rangli “VAZ-21011” rusumli avtomashinaga to‘xtash ishorasi berildi. Haydovchi esa to‘xtash o‘rniga, tezlikni oshirib, rulni katta yo‘l tomon burdi. Ammo shoshilganidanmi yoki “Jiguli”ning eskiligi pand berdimi, nima bo‘ldi-yu, mashina o‘chdi-qoldi. 

Bu orada xodimlar yetib kelishdi. Yetib kelishdi-yu, avtomashina saloniga qarab, hangu mang bo‘lib qolishdi: u yerda ho‘kiz cho‘kkalab turardi...

Xodim mashina hujjatlarini tekshirganidan so‘ng ho‘kiz kimniki ekani bilan qiziqdi. Yo‘lovchi xuddi tosh qotgan haykaldek bezraygancha xodimga qarab turar, uning arqon ushlagan qo‘li bilinar-bilinmas titrardi. Bu xodimlarning shubhasini yanada oshirdi.

Xodim ratsiya orqali navbatchilik qismiga voqea haqida xabar berdi. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida viloyatning Koson tumanidan bo‘lgan biri 50, ikkinchisi 53 yoshdagi bu kimsalar Kasbi tumanidagi Denov qishlog‘ida yashovchi bir fuqaroning dalada bog‘loqlik turgan ho‘kizini o‘g‘irlab ketayotganliklari ma'lum bo‘ldi. Jinoyat joyidan ularning qo‘l va oyoq izlari topildi. Qolaversa, jinoiy guruhning yana bir nafar sherigi bo‘lib, uchovlon kunduzi qarovsiz qoldirilgan chorva mollarini kuzatib, tunda kelib ularni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanganligi, muqaddam bir necha bor sudlanib chiqqan 53 yoshli N. ismli shaxs jinoiy guruh tuzib, rahbarlik qilib kelgani oydinlashdi. “Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi” deganlaridek, u muqaddam sudlangan A.ni o‘ziga sherik qilgani yetmaganidek, o‘g‘irlik jinoyati sodir etgani uchun bir marta sudlanib chiqqan 32 yoshni qoralagan jiyanini ham jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.

Bu jinoiy guruh a'zolari joriy yilning may, avgust, sentabr, oktabr oylari davomida Qarshi va Kasbi tumanlarining turli qishloqlaridan jami to‘qqiz bosh chorva molini o‘g‘irlab, sotib yuborganliklari ham aniqlandi. 

O‘g‘irlangan mollarning ayrimlari jinoyatchilarning uylaridan, ayrim sotib yuborilganlari esa sotib olgan kishilardan olib, o‘z egalariga topshirildi. 

Top