19:04 / 14.02.2017
6576

Fotoreportaj: Bobur nomidagi O‘sh teatrining O‘zbekistonga gastrol safari

O‘sh  shahrida faoliyat yurituvchi Bobur nomidagi o‘zbek musiqali akademik  teatri shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunlari vodiy viloyatlarida gastrol safarini uyushtirmoqda. Do‘stlik rishtalarining tiklanishi aynan Bobur Mirzo tavalludi arafasiga to‘g‘ri kelganligida ham ramziy ma'no bor. Buyuk saltanat asoschisi adabiyot va san'at orqali xalqlarni birlashtirgan, el-ulus farovonligi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirgan. Uning yorqin siymosi bugungi kunda ham ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

- Ushbu ijodiy safar O‘zbekiston hukumatining taklifiga binoan amalga oshirildi, - deydi Bobur nomli o‘zbek musiqali akademik drama teatri direktori Nabijon Mamajonov. – Truppamizda turli millatga mansub 40 nafar aktyor mehnat qiladi. Ular ijrosidagi “Botir Manas” spektaklini Andijon, Namangan va Farg‘ona shaharlarida namoyish etishni rejalashtirganmiz. So‘nggi bor bunday ijodiy diydorlashuv 2005 yilda tashkil etilgan edi.

Andijon shahridagi qo‘g‘irchoq teatrida badiiy jamoa Jalil Sodiqov asari asosida Nabijon Sabr (Mamajonov) tomonidan sahnalashtirilgan “Aykol Manas” spektali namoyish etdi.

Spektakl premerasiga o‘quvchi-yoshlar, nuroniylar, qirg‘iz millatiga mansub vatandoshlarimiz, keng jamoatchilik vakillari yig‘ildi. Teatr san'ati ixlosmandlari asarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. 

- Ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlanib borayotganidan juda xursandmiz, - deydi aktyor Mahmud Rahmatov. – Andijonliklar bizni yaxshi kutib olishdi. Do‘stlik rishtalarimiz uzilmasin. 

“Aykol Manas” dramasining asosini “Manas” eposining afsonaviy voqealari – “Kokotlar bazmi” va “Katta jang” dostonlari tashkil etadi. Sahna asari tomoshabinlar uchun manzur bo‘ldi. 

Spektakl namoyishiga tashrif buyurgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qirg‘izistonlik mehmonlarni qizg‘in qutlab, ularning san'atiga yuqori baho berdi.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri

Top