23:15 / 23.02.2017
18846

Qozog‘istonda "o‘zbek mahsuloti" brendi juda mashhurligi e'tirof etildi

Bugun, 23 fevral kuni poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari A.Mamin boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkentga tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha 16-Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir doirasida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" Aktsionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov hamda Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Mamin Askar tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida bayonnoma imzolandi.

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish kerakligi alohida ta'kidlab o‘tildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. 

Ostona shahridagi "Markaziy Osiyo savdo uyi" bosh direktori Alisher Mahmudov davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni baholab o‘tdi.

"2016 yilda "O‘zagroeksport" aksiyadorlik jamiyati hamda qozog‘istonlik hamkorlar bilan Ostona shahrida "Markaziy Osiyo savdo uyi" tashkil etildi. Savdo uyini ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlashni yanada rivojlantirishdir. 

Mazkur hamkorlik orqali har yili O‘zbekistondan turli mahsulotlar Qozog‘istonga yetkazib beriladi. 2017 yil boshida biz Qozog‘iston bozoriga ayni damda talabgir bo‘lgan sharbatlarni yetkazib berishni boshladik. Yaqin kunlarda biz juda katta hajmdagi tovar ayirboshlashni amalga oshirish niyatidamiz. Ular orasida sabzi, karam, piyoz va boshqa sabzavotlarni uchratish mumkin. Qozog‘istonlik iste'molchilar va xaridorlar O‘zbekistondan keltirilgan toza ekologik meva-sabzavotlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Ular orasida "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan", "o‘zbekcha mahsulot" degan brend juda ommalashgan. Biz katta gipermarket, supermarketlarga o‘z vaqtida mahsulot yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishda davom etamiz. Bu borada Ostonadagi eng yirik transport-logistika markazi yaqindan ko‘mak berib kelmoqda. 

Maqsadimiz - Qozog‘iston va uning chegarasiga yaqin bo‘lgan boshqa hududlar, jumladan, Omsk, Novosibirsk bozorlariga ham o‘z mahsulotlarimizni yetkazib berish va  o‘zaro hamkorlikni yana taraqqiy ettirishdir".

Feruza Avazova tayyorladi

Mavzuga oid
Top