11:02 / 27.02.2017
5018

Sapporoda VIII qishki Osiyo o‘yinlari yakunlandi, Misha Ge oltinchi o‘rinni egalladi

Yaponiyaning Sapporo shahrida bo‘lib o‘tgan VIII qishki Osiyo o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. 26 fevral oqshomida Makomanay muz saroyida musobaqaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada O‘zbekiston sharafini figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Misha Ge himoya qildi. 

24 fevral sanasida o‘tkazilgan qisqa dasturda u Hongkong, Xindiston, Indoneziya, Filippin, Qozog‘iston, Malayziya, Tayvan, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya va Avstraliya kabi mamlakat vakillaridan iborat 21 kishilik guruhda 76,18 ball bilan 8-o‘rinni egalladi. 26 fevral kuni, ya'ni musobaqaning so‘nggi kunida esa u erkin dasturda o‘z omadini sinab ko‘rdi.  

Erkin dasturda Misha Ge bir muncha omadli qatnashdi va yakunda 157, 75 ball bilan o‘z ishtirokini 5-o‘rinda yakunladi. Natijada har ikkala yo‘nalish bo‘yicha umumiy 233,93 ball jamg‘argan sportchi VIII qishki Osiyo o‘yinlarida kuchli oltilikdan joy oldi. 

Figurali uchishda oltin medal yaponiyalik Uno Shomaga nasib etgan bo‘lsa, xitoylik sportchilar Jin Boyang va Yan Xan mos ravishda kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Umumjamoa hisobida esa musobaqada Yaponiya terma jamoasi a'zolari 74ta medal bilan birinchi o‘rinni egallashdi. Kunchiqar yurt vakillari 27ta oltin, 21ta kumush va 26ta bronza medallariga ega chiqishdi. 

Janubiy Koreya terma jamoasi a'zolari 16ta oltin, 18ta kumush va 16ta bronza bilan jami 50ta medal jamg‘arishdi va bu borada ikkinchi bo‘lishdi. Xitoy terma jamoasi esa (12ta oltin, 14ta kumush, 9ta bronza) kuchli uchlika yakun yasab berdi.

Mavzuga oid
Top