12:15 / 15.04.2017
16857

Toshkent viloyatida yuzlariga niqob kiyib bosqinchilik qilganlar qo‘lga olindi

Ohangaron tumani IIB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra,  tunda ikki nafar noma'lum shaxslar, o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-taroj qilish maqsadida, yuzlariga niqob kiyib,  qo‘llariga qo‘lqop taqib, Ohangaron tumani, Ubayd qishlog‘ida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan ayolning xonadoniga kirish eshigini buzib kirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jinoyatchilar ayolni urib-do‘pposlab, tan jarohati yetkazib, qo‘l-oyoqlari hamda og‘zini o‘zlari olib kelgan skotch bilan bog‘lab, uyidagi  dazmolni qizdirib, tanasiga bosib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, uyda mavjud bo‘lgan 600.000 so‘m miqdordagi naqd pullarni va “SAMSUNG” hamda “NOKIA” rusumli telefonlarini, bosqinchilik yo‘li bilan egallab olib, jinoyat sodir etgan joyidan yashirinishgan. 

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu bosqinchilik jinoyatini  jabrlanuvchining yaqin tanishi A.Farhod uyushtirganligi aniqlandi. U o‘zining moddiy tomondan 1. 000.000 so‘m miqdorda qarzdor bo‘lgan tanishi X.Azizga xonadon egasining uyda bir o‘zi yashashligini, uyida 5-6 million so‘m miqdordagi pul mablag‘ini saqlashini, undan tashqari  2-3 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni ham yig‘ib qo‘yganligini ma'lum qilib, uni jinoyat sodir etishga qiziqtirgan. Unga xonadonni ko‘rsatib,  qanday kirishi va pul qayerda saqlanishi haqida aniq ma'lumotlar  bergan.
  
Qarzidan voz kechishi hamda A.Farhod ma'lum qilgan katta miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish istagi X.Azizni tinch qo‘ymadi, o‘rtog‘i I.Ozodjonni bu ishni birgalikda amalga oshirishga undagan.
O‘zining his-tuyg‘ularini boshqara olmagan hamda oson va mo‘may daromad orttirish payida bo‘lgan bu kimsalar endi qonun oldida javob berishadi.

Top