Jahon | 12:57 / 18.04.2017
21987
12 daqiqa o‘qiladi

Turkiya referendumi: Bilish kerak bo‘lgan jihatlar

Turkiyada 16 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijalari 1923 yilda Turkiya Respublikasi e'lon qilinganidan buyon o‘tgan 94 yil ichida mamlakat tarixidagi eng muhim siyosiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Bu qanday muhim hodisa va uning ahamiyati?

Turklar referendum mobaynida mamlakatni parlament demokratiyasidan prezidentlik boshqaruviga o‘tkazishni yoqlab ovoz berishdi.

18ta o‘zgarishdan iborat paket xalq ixtiyoriga qo‘yib berildi, chunki konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlar parlamentdagi deputatlarning uchdan ikki qismi ma'qulloviga ega bo‘lmadi. 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalqning yarmisidan ko‘prog‘i o‘zgarishlarni ma'qulladi va endi qonun prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolanadi. 

Referendumni 1923 yilda Turkiya Respublikasiga asos solingach, mamlakat siyosiy hayotidagi eng ahamiyatli hodisa sifatida baholash mumkin. Bu yo‘lda mamlakat prezident Erdo‘g‘on alohida bir qat'iyat ko‘rsatdi va vazirlarini Yevropa davlatlaridagi turk diasporalari o‘rtasida saylovoldi kampaniyasi o‘tkazishga ham jo‘natdi, orada Niderlandiya hukumatini "natsistlar" deb atashga ham ulgurdi.

Yangi tizimga ko‘ra, Erdo‘g‘on yana ikkita saylovda ishtirok etishi mumkin, Agar u 2019 va 2024 yilga saylovlarda ham g‘alaba qozona olsa, istiqbolda mamlakatning yakka rahbari sifatida 2029 yilgacha faoliyat olib borishi mumkin. U parlamentda mutlaq katta o‘ringa ega bo‘lgan, o‘zi asos solgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) rahbarligiga ham qaytishi mumkin edi.

Turkiyada shu vaqtgacha prezidentlik lavozimi ko‘proq shunchaki bir udum sifatida mavjud edi, biroq siyosatning shakllantirilishida ma'lum bir ta'sirga ham ega edi. O‘zining qudratli shaxs ekanligi, ATP elektorati va qonunshunoslari orasida katta obro‘-e'tiborga egaligi tufayli Erdo‘g‘on eski konstitutsiya amalda bo‘lib turgan sharoitda ham o‘z lavozimi obro‘sini yaxshigina oshirib olgan edi va endi, referendumdan so‘ng, u yanada qudratli shaxsga aylanadi.

Odamlar aynan nimalar uchun ovoz berishdi?

18 ta o‘zgarish avvalo qonunchilik va ijro hokimiyatiga taalluqli bo‘ladi. Ularga ko‘ra:

- Prezident davlat va hukumat rahbari sanaladi. U vazirlar va vitse-prezidentlarni tayinlash va ishdan olish huquqiga ega. Prezident, shuningdek, referendumlar joriy etish huquqiga ham ega bo‘ladi.

- Bosh vazir lavozimi bekor qilinadi. Prezident vazirlar mahkamasiga rahbarlik qiladi va bir necha vitse-prezidentlardan iborat o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi. Parlament endi vazirlarni kuzatishdan mahrum bo‘ladi, chunki uning vazirlarni kuzatish va ishonchsizlik bildirish vakolatlariga chek qo‘yiladi. Parlament vazirlarni og‘zaki so‘roqqa tutish, ma'lum bir farmonni chiqarish uchun vazirga vakolat yuklash huquqidan mahrum etildi. Prezident vetosidan o‘tish uchun parlament qonun loyihasini absolyut ko‘p ovoz (301) bilan qayta qabul qilishi kerak.

- Prezident endi neytral kishi bo‘lishi shart emas, u o‘zi sodiq bo‘lgan siyosiy partiyaga a'zoligini saqlab qoladi. Ayni paytda prezident lavozimga o‘tirgach, partiya bilan aloqalarini uzishi shart edi.

- Prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun fuqaro oldingi parlament saylovlarida saylovchilarning kamida 5 foiz ovozini olgan partiyaning qo‘llashiga ega bo‘lishi shart.

- Parlament vakolatlari muddati 4 yildan 5 yilga uzaytiriladi. Prezident va parlament saylovlari har 5 yilda bir kunda bo‘lib o‘tadi.

- Parlament a'zolari soni 550 dan 600 tagacha ko‘paytiriladi, ularning eng kichik yoshi esa 25 dan 18 yoshgacha pasaytiriladi.

- Prezident va parlament a'zolarining beshdan uch qismi muddatidan avvalgi saylovlarni o‘tkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Bu holatda ham prezidentlik, ham parlament saylovlari birgalikda o‘tkaziladi.

- Favqulodda holat e'lon qilish huquqi prezidentga tegishli, biroq uni harakatga keltirish uchun parlamentning ma'qullashi shart.

- Prezidentga parlament tomonidan impichment qo‘llanilishi mumkin. Buning uchun parlament a'zolarining beshdan uch qismi qo‘llab ovoz berishi lozim. Parlament surishtiruvi natijasida parlament prezidentga qarshi ishni Oliy sudda ko‘rib chiqilishiga erishishi mumkin. Buning uchun deputatlarning uchdan ikki qismi rozi bo‘lib ovoz berishi kerak. Ayni paytda u faqat davlatga xiyonat qilsagina qonunchilik hokimiyati tomonidan sudga berilishi mumkin.

- Harbiy sudlar bekor qilinadi. 

- Oliy sud kengashi a'zolari 22 tadan 13 tagacha qisqartiriladi. Prezident mamlakat Oliy sud kengashiga 13 a'zosidan 4 nafarini o‘zi tayinlaydi. 7 nafar a'zosini parlament ko‘rsatadi. Parlament tomonidan ko‘rsatiladigan nomzodlar birinchi turda deputatlarning uchdan ikki qismi (400), ikkinchi turda beshdan uch qismi (360) ovozini olishi kerak. Kengashning yana ikki a'zosi adliya vaziri va uning o‘rinbosari hisoblanadi. Sudyalar va prokurorlar kengashi raisi adliya vaziri bo‘ladi.

Turkiya favqulodda holatda emasmi?

Ha, referendum o‘tayotgan muhit ham siyosiy jihatdan favqulodda o‘ta murakkab hisoblanadi, ayniqsa, o‘zgarishlarga qarshi chiqqan insonlar uchun.

Mamlakatda favqulodda holat o‘tgan yilning yozida — muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi natijasida 243 kishi qurbon bo‘lgan va 1400 dan ortiq kishi yarador bo‘lgan kunda joriy etilgan edi. Turkiyada keng quloch yozgan fikrga ko‘ra, davlat to‘ntarishini ayni paytda AQShda yashayotgan, dunyo bo‘ylab tarqalgan "Xizmat" jamoatchilik harakati asoschisi Fathulloh Gulan uyushtirgan. Gulan esa buni rad etib keladi.

Fuqarolik xizmati, politsiya, harbiylar, sud organlari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida olib borilgan tozalash ishlari gulanchilar bilan aloqadorlikda ayblangan o‘n minglab insonlarning ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘ldi. Erdo‘g‘onning raqiblari tozalash ishlari to‘ntarishni uyushtirgan gulanchilarni tutish chegarasini buzib o‘tib, har qanday siyosiy muxolifatni ovlash ishi bo‘lib qolganini ta'kidlab kelishadi.

Muxolifatdagi partiyalarning ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda 152 nafar jurnalist qamoqxonalarda, muxolifatdagi Xalq demokratik partiyasini bostirish natijasida uning ko‘plab qonunchilari va ikki nafar rahbari hibsga olingan.

Nega aksariyat "Ha" deb ovoz berdi?

Parlamentda konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni ma'qullaganlar asosoan ATP a'zolari va ular millatchilar bilan ittifoqda shu ishga qo‘l urishdi.

Bu o‘zgarishlar tarafdorlarining fikricha, bu yo‘l bilan ijro etuvchi hokimiyat iqtisodiy taraqqiyot va terrorizmga qarshi kurashda hokimiyatni yakkash boshqaruvchi "Kuchli Turkiya"ga asos solinadi. Ular 1990-yillardagi koalitsion hukumatlarni misol keltirib, iqtisodiy tanazzul va vayronkor inflyatsiyani yodga olishgan. Ular AQSh, Fransiya va Meksikadagi singari kuchli ijroiya hokimiyati beqaror vaqtlarda — kurdlar ko‘pchilik bo‘lgan hududlarda, IShIDga va Gulan tarmoqlariga qarshi davom etayotgan kampaniya terrorizm tahdidiga qarshi samaraliroq kurasha olishadi, deb hisoblashmoqda. ATP boshqaruvi ostida barqaror hayotdan umid qilinmoqda.

Ularning fikriga ko‘ra, harbiy qonun-qoidalar asosida tuzilgan, bir-biriga zid vakolatlar bilan "ikki boshli rahbariyat"ni paydo qilgan hamda unga hukumatda qarorlar chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi vakolatlarlarni taqdim etuvchi eskirgan konstitutsiyadan voz kechish uchun fursat yetgan. Ularning fikricha, nazarda tutilgan o‘zgarishlardan so‘ng prezidentni katta jinoyatlar uchun ayblash, hokimiyat bir kishining qo‘lida to‘planib qolishining oldini olish uchun muddatidan avval prezidentlik saylovlari o‘tkazish, kabi muvozanatli va tomonlarni tiyib turish uchun yetarli tizim yaratiladi.

ATP partiyasi deputati va konstitutsion kengash a'zosi Muhammad Amin Oqbosho‘g‘li shunday degan: "Endi kengroq barqarorlik taqdim etiladi, Turkiya noma'lumlik va beqarorlik keltirib chiqaruvchi narsalarga behuda vaqt sarflamaydi, davlat idoralarining samaradorligi oshadi va uning yomon ishlayotgan qismlaridan voz kechiladi".

Nega aholining deyarli teng yarmi "Yo‘q" deb ovoz berdi?

Bu qonun loyihasiga asosan muxolifatdagi ikki partiya qarshi ovoz berdi: sekulyar Respublika xalq partiyasi (RXP) va kurd qonunchilari a'zo bo‘lgan Xalqlarning demokratik partiyasi (XDP). Ularga shuningdek, so‘llar va ozchiliklar koalitsiyasi qo‘shilishdi.

Raqiblarning fikricha, prezidentlik tizimi yildan yilga avtoritar rahbarga aylanib borgan Erdo‘g‘on boshchiligida yakka boshqaruv tizimi yaratilishiga olib keladi. Ular hukumat tomonidan o‘zgacha fikrlovchilarni keng bostirish, prezidentning tanqidni aslo hazm qila olmasligi, shaxsiy haqoratlarga ham bemalol o‘tib ketishi mumkinligiga ishora qilishadi. 

Ularning aytishicha, bu o‘zgarishlar prezidentga byurokratiya, politsiya, harbiylar va ilmiy doiralarda tozalash ishlarini o‘tkazish, shuningdek, XDPning siyosiy va boshlang‘ich tashkilotlari shtatida tizimli hibsga olish va quvg‘inga solishda qo‘l kelishi mumkin.

Respublika xalq partiyasi deputati va konstitutsiya kengashi a'zosi Bulent Tezjonning fikriga ko‘ra, kiritilayotgan o‘zgarishlar "Turkiyada demokratik tizim bir qoidaga almashishi"ni bildiradi. "Prezident barcha vakolatlarni, jumladan sud va ijro etuvchi hokimiyatlarni ham o‘z qo‘lida jamlab olmoqchi, hokimiyatning uch bo‘g‘ini bir kishining ixtiyorida bo‘ladi", — degan Tezjon.

Qarshilar, shuningdek, referendum ziddiyatli sharoitda o‘tkazilgani, yetakchi siyosatdonlar, olimlar va jurnalistlar, jumladan XDPning xarizmatik yetakchisi Salohiddin Demirtosh va "Jumhuriyat" muxolifat gazetasi jurnalistlarining hibsga olingan paytda saylov o‘tkazilganini ta'kidlashmoqda.

Raqiblar joriy etilajak tizimda muvozanat va yetarli darajada tiyib turish vositasi bo‘lishiga ham ishonishmayapti. Ularning fikricha, parlamentdan ijro etuvchi hokimiyatni nazorat qilish vakolatining olib qo‘yilishi, Erdo‘g‘onga ko‘plab sudyalarni tayinlash huquqining taqdim etilishi, unga ATP partiyasi a'zoligicha qolishiga izn berilishi mamlakat siyosiy hayotining barcha jabhalarida uning hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan bir yo‘ldir.

Kim yutdi?

Oldindan hech narsani aniq bashorat qilib bo‘maydigan sharoitda, yakuniy ovoz berishda ikkilanib turgan 5-6 foiz saylovchilarning ovozi referendum natijalarini hal qildi. 58 million 366 ming 647 nafar ro‘yxatga olingan saylovchilarning 85,32 foizi saylovda qatnashdi. Ovoz bergan saylovchilar deyarli 49 mln. 800 ming nafarni tashkil etdi. Ularning 25 mln. 156 ming 860 nafari yoki 51,41 foizi konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlarni yoqlashdi. 48,59 foiz saylovchilar referendumda qarshi ovoz berishdi.

Bundan Erdo‘g‘on yutdimi yoki Turkiya xalqi, hozircha aniq bir baho berishga erta. Nima bo‘lganda ham, Turkiya siyosiy tizimi keskin o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Erdo‘g‘onga o‘zining liderlik sifatlarini jahon afkor ommasi oldida namoyish etish uchun yanada kengroq imkoniyat taqdim etiladi.

Ko‘raveramiz...

Sh.Shokirjonov tayyorladi

Mavzuga oid