21:31 / 21.04.2017
21536

Ispancha finalsiz YeChL. Qur'a sovg‘a qilgan jihatlar

Yevropa chempionlar ligasining 1/2 finaliga qur'a tashlandi. Unga ko‘ra, Madridning ikki jamoasi shu bosqichda o‘zaro to‘qnash keladigan bo‘ldi. «Monako» va «Yuventus» esa ikkinchi finalchi nomini aniqlab berishi kerak bo‘ladi. Tribuna.Uz qur'a natijalarini tahlil qilib ko‘radi.

«Real» – «Atletiko»
Yetar, Yevropa klublari musobaqasining finallarini Ispaniya chempionatiga aylantirib yuborish uchun bu yil imkoniyat yo‘q – «Real» va «Atletiko» biroz oldinroq g‘oliblik masalasiga oydinlik kiritib olishiga to‘g‘ri keladi. Diyego Simeone uchun Madrid derbisining eng muhim ikki uchrashuvi faqat yomon xotiralar bilan qolgan. Serxio Ramosning so‘nggi soniyalarda kiritgan goli va ikkinchisidagi birgina 11 metrlik jarima zarbasi o‘yin taqdirini hal qilgan to‘qnashuvlar. «Real»dan YeChLda qabul qilib olinadigan yana bir mag‘lubiyatga Simeone chiday olmasa kerak. Diyego YeChL finalida ketma-ket ikki mag‘lubiyat uning uchun qattiq zarba bo‘lgani, faqatgina chempionlar ligasi unga motivatsiya berib turganini juda ko‘p marotaba ta'kidlab keladi. Navbatdagi mag‘lubiyat uning Madriddagi sabr kosasini to‘ldirib yuborsa kerak.

«Bavariya» «Real» uchun o‘zining kuchiga munosib baho bera olish imkonini yaratdi. Aynan myunxenliklar Zidan jamoasiga qulay bo‘lib chiqdi. «Real» tezkor qarshi hujumlar evaziga raqibni shoshirib qo‘ydi. Albatta, afsus bilan aytish mumkin, bu uchrashuv ko‘proq Viktor Kashshaining hakamligi bilan eslanadi. Ammo hakamlik qanchalik qo‘pol xatolar bilan ko‘ringan bo‘lmasin, «Real» qarama-qarshiliklarda keyingi bosqichga chiqishga haqlidek taassurot uyg‘otgandi. «Atletiko» bu borada aynan o‘ta noqulay raqiblar sirasiga kiradi. Zidan jamoasi ikkinchi raqamda o‘ynashni qanchalik yaxshi ko‘rsa, «matraschilar» bu ishning hadisini olishgan va hamshaharlariga bunday o‘yin ko‘rsatishga bermasligi aniq. Hozirgi «Atletiko» to‘pni nisbatan yaxshi nazorat qiladi. Ammo muhim o‘yinlarda jamoa o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi «Barselona» va «Bavariya»ni musobaqadan chiqarib yuborgan ultrahimoyaviy o‘yin uslubiga tayanib o‘ynashini kutish mumkin.

Bu qarama-qarshilikda yana bir faktorni hisobga olish kerak – chempionlik poygasi. «Real» la-liga «oltin»lari uchun «Barselona» bilan jiddiy kurash olib bormoqda, «Atletiko» kuzdagi natijalari evaziga allaqachon bu kurashdan chiqib ketgan. Yevrokubokdagi g‘alaba – Diyego Simeone jamoasining bu mavsumdagi yagona maqsadi sanaladi.

Tarix
Yevrokuboklarda ikki jamoa o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tarixi titkilansa birinchi navatda darhol ikki final uchrashuvi yodimizga tushadi. Ammo jamoalar bundan tashqari 2014/2015 yilgi mavsumda YeChL chorak finalida ham o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. «Visente Kalderon»da hisob ochilmagan bo‘lsa, «Bernabeu»da yagona gol o‘yin taqdirini mezbonlar foydasiga hal qilgandi. Umumiy yevrokuboklar statistikasi «Atletiko» uchun quyidagicha: «Real»ga qarshi yevrokubok pley-offlarida 4ta to‘qnashuv (1959-yilda ham uchtalik o‘yinda «Real» g‘olib chiqqan) barchasida «qaymoqranglilar» uchun kerakli natija bilan tugagan.

Raqamlar
«Atletiko» YeChL pley-offida ketma-ket 10 uchrashuvdirki to‘p o‘tkazib yubormayapti. Diyego Simeone jamoasi so‘nggi marta 2014 yilning martida «Milan»dan (Kaka gol urgandi) gol o‘tkazganidan buyon o‘z uyida faqat va faqat quruq seriya o‘tkazmoqda. Ammo «Real» ketma-ket 55 uchrashuvdan buyon gol urishning uddasidan chiqib kelmoqda. Agar bu statistikani bo‘lajak o‘yingacha saqlab qolsa, qaysidir uzoq davom etgan seriyaning tugashiga guvoh bo‘lamiz.

«Monako» – «Yuventus»
«Monako» – yevrokuboklarning, aytish mumkin bo‘lsa, eng romantik jamoasi bo‘lib qolmoqda: Fransiyaning va Yevropaning turli burchagidan yig‘ilgan yosh iqtidorlar katta jamoalar uchun haqiqiy boshog‘rig‘i bo‘lmoqda. Qarshi hujumga shiddat bilan o‘tadigan, yuqori pressing ko‘rsatadigan oladigan tezkor futbolchilardan iborat jamoa 13 yillik tanaffusdan keyin yevromaydonlardagi eng nufuzli sovrin uchun kurash olib bormoqda. Faqat Mbappe emas, Fabino, Lemar va Bernardu Silva kabi yosh futbolchilar yoniga Falkaodek tajriba bilan yo‘g‘rilgan jamoa juda yaxshi futbolchi namoyish etmoqda. .

«Yuventus»ga qarshi  jamoaning 90 daqiqa mobaynida to‘pni nazorat qilib turishiga ishonch bo‘lmasada, katta ehtimol bilan jamoa nisbatan hujumkorroq futbol ko‘rsatishini kutish mumki.

Tarix
2015 yilgi mavsumda «Yuventus» va «Monako» Chempionlar ligasining chorak finalida o‘zaro to‘qnash kelishgandi. «Monako» va Leonardu Jardim o‘sha paytlari o‘ta yaxshi ko‘radigan o‘yin uslubi evaziga taktikaga mos natija qayd etilgan, biroq bu «Monako» foydasiga ishlamagan – Turinda 1:0, Monakoda 0:0. 1998 yilda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv ham chorak finalga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda Turinda 4:1, Monakoda esa 3:2 hisobida mezbonlar g‘alaba qozongan. Tarix ko‘rsatib turibdiki, ikki to‘qnashuvda ham «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan.

Raqam
«Yuventus»ning yarim finalga chiqishi 2006/07 yilgi mavsumdan boshlab, italyan jamoalari uchun to‘rtinchi natija sanaladi. Bungacha bo‘lgan uchta yarim final italiyaliklar uchun omadli kelgan «Milan» «Manchester Yunayted»ni (2007), Mourinoning «Inter»i Gvardiola «Barselona»sini (2010), «Yuventus» esa ikki yil oldin «Real»ni ortda qoldirib finalga chiqqan. Hozircha barcha ko‘rsatkichlar ularning foydasiga ishlamoqda.

Mavzuga oid
Top