18:36 / 21.04.2017
10297

Samarqandda odam savdosining oldi olindi

Rossiya fuqarosi R.Savchenko shu yilning yanvarida Samarqand shahriga qarindoshlarini yo‘qlash va dam olishga kelgan edi. Shaharni aylanib, tomosha qilish asnosida uning miyasiga pul ishlash g‘oyasi keldi: shu yerlik mahalliy qizlarni aldab, Rossiyadan senga ish topib beraman deb, kichikkina biznesni yo‘lga qo‘yish mumkin. Lekin, o‘zi bu yerlik emas-ku, kim ham uning gapiga ishonardi? Tezda bir hamtovoq, ya'ni jinoiy sherik topishi kerak.

Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi, deganlaridek sherik ham topila qoldi. Endi  u samarqandlik Z.Bahodirova bilan ”Sizlarga Rossiyaning Ryazan  viloyatidan ish topib beramiz, kafeda ofitsiantlik va do‘konda sotuvchilik qilasizlar”, degan yolg‘onlar bilan o‘z qabih niyatlarini amalga oshira boshladilar. Aslida esa qizlardan fohishalar sifatida foydalanmoqchi edilar. Ko‘p o‘tmay ularning to‘riga uchta qiz ilindi.

Samarqandlik qizlarning baxtiga bu jirkanch ish oxiriga yetmay qoldi. Huquqni muhofaza qilish xodimlarining harakatlari natijasida R.Savchenko va Z.Bahodirova Samarqand xalqaro aeroportida qo‘lga olindilar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan ushbu “biznesmenlar”ga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

Top