«Biz poytaxtimizda o‘tkazilayotgan o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasiga bordik va barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Shuningdek, o‘zimiz nimaga qarab intilishimiz lozimligini ham tushunib yetdik», — deb yozadi Tojikistonning Asia-Plus media guruhi muxbirlar.

Dushanbe shahrida so‘nggi 25 yil ichida ilk bor O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi. Mamlakatimizdagi ko‘pchilik uchun bu juda kutilmagan hol bo‘ldi: odamlarimiz to‘satdan eng yaqin qo‘shnimiz mustaqillik yillarida nimalarga erishganidan voqif bo‘lishdi. Ko‘rishdi va oh tortib yuborishdi...

Ko‘rgazmaga sanoatning turli jabhalari — mashinasozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, oziq-ovqat, tekstil va boshqalariga doir 160 ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini ko‘rgazmaga keltirishgan.

Barcha mahsulotlar cheklangan miqdorda olib kirilgan — o‘zbek ishbilarmonlari o‘z eksponatlarini sotishni emas, Tojikistonda biznes-hamkorlar topishni maqsad qilishgan edi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimi boshlanishidan avval «Poytaxt-90» majmuasi oldi odamlarga to‘lib ketdi. Ko‘rgazmaga hattoki mamlakatning boshqa hududlaridan ham odamlar kelishgan ekan.

- Ko‘rgazma haqida eshitib, kechaning o‘zida Qumsangirdan o‘g‘limning poytaxtdagi uyiga mehmonga keldim, — deydi Murodillo bobo. – Fermer xo‘jaligimiz bor, farzandlarim bilan birga ishlaymiz. Men qo‘shnilarimizning qishloq xo‘jalik texnikasiga qiziqayapman.

- Narxlar kutganimdan arzonroq bo‘lib chiqdi — 4,5 ming dollar atrofida, — deydi Mahmadullo. 

…Ko‘rgazma ochilishidan bir soat avval san'at ustalari ishtirokida konsert uyushtirildi, karnay-surnay sadolari ostida kimlardir raqsga ham tushib ketdi. Mana shunday bayramona muhitda Dushanbe o‘zbekistonlik mehmonlarni kutib oldi.

Tomosha qilishga arzigulik narsa ko‘p edi

Ko‘rgazmani ochar ekan, Tojikiston Respublikasi investitsiyalar va davlat mulklari qo‘mitasi raisi Fayziddin Qahhorzoda o‘tgan yilda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mahsulot aylanmasi 2015 yilga nisbatan 5,7 martaga oshib, qariyb 70 million dollarga yetganini aytib o‘tdi.