Fransiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi boshlandi. Bu keyingi o‘n yilliklardagi eng mojaroli va natijasini oldindan aytib bo‘lmaydigan saylovga aylandi. Beshinchi respublika davrida (1958 yildan buyon) ilk marta ikkinchi turga chiqish uchun birdaniga 4 nomzodda imkoniyat mavjud.

Prezidentlik uchun 11 nomzod

Davlat rahbarligi kursi uchun 11 nomzod kurash olib bormoqda. Fransiyadagi nashrlar o‘nbittalikni ikki guruhga ajratgan: yetakchilar va autsayderlar. Birinchi guruhda 5 siyosatchi: «En Marche» harakati yetakchisi Emmanuel Makron (22,5—24,5 foiz), Milliy front rahbari Marin Le Pen (22— 23 foiz), «Respublikachilar» ya'ni, o‘ng partiyalar va markazchilar nomzodi Fransua Fiyon (19,5 — 21 foiz), «Bo‘ysunmas Fransiya» harakati yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon (16,5 — 19 foiz) va Sotsialistlar partiyasi vakili Benua Amon (6,5 — 8 foiz).

«Kichik nomzodlar» deb matbuot saylovoldi kampaniyasi davrida o‘tkazilgan so‘rovlarda past natija ko‘rsatgan nomzodlarni belgilagan. Bular «Qo‘zg‘al, Fransiya» partiyasi yetakchisi Nikolya Dyupon-Enyan, «Ishchi kurash» partiyasi vakili Natali Arto, Yangi antikapital partiyasi yetakchisi Filipp Putu, «Birdamlik va jarayon» partiyasi asoschisi Jak Sheminad, markazchi deputat Jan Lasal va Respublika Xalq ittifoqi rahbari Fransua Aselino.

Beshinchi respublika davridagi prezidentlik saylovlari 11-marta o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari 5 yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Saylovlarda mamlakatning 18 yoshga to‘lgan fuqarolari ovoz berish huquqiga ega, Fransiyadagi saylovchilarning umumiy soni 47 millionga yaqin. Respublikaning hozirgi prezidenti Fransua Ollandgacha Sharl de Goll, Jorj Pompidu, Valeri Jiskar d'Esten, Fransua Mitteran, Jak Shirak va Nikolya Sarkozi kabi siyosatchilar mamlakat rahbarlari bo‘lgan.

Saylov ikki turda o‘tkaziladi, nomzodlardan biri birinchi turda 50 foizdan ortiq ovoz olsa, u g‘olib deb e'lon qilinadi. Ammo, hozirda buning ehtimoli deyarli nolga teng. Davlat rahbari 7 may kuni o‘tkaziladigan ikkinchi turda ma'lum bo‘lishi oydinlashgan.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan soat 11:00) ochiladi va soat 20:00da yopiladi. Shu vaqtdan boshlab ilk natijalar e'lon qilina boshlanadi. 22 aprel kuni Fransiyaning dengiz ortidagi hududlarida prezident saylovi boshlangan (Hind okeanidagi Mayotta va Reyunon orollari, Tinch okeanidagi Yangi Kaledoniya va Uollis hamda Futuna orollari). Shanba kuni Fransiyaning Amerikadagi elchixona va konsulliklarida, G‘arbiy yarimshardagi Gvadelupa, Sen-Marten, Sen-Bartelemi, Gviana, Martinika, Sen-Per va Mikelon, shuningdek Frantsuz Polineziyasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.