18:49 / 29.04.2017
9043

Qarshida ko‘zi ojizlar o‘rtasida kompyuter savodxonligi ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda

Joriy yilning 26-28 aprel kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomli Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi va O‘zbekiston KOJ Qashqadaryo viloyat bo‘limi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilimdonlarining respublika tifloforumi o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, TATU Qarshi filiali va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tifloforum respublikada yashovchi ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan muloqotni rag‘batlantirish, ko‘zi ojiz foydalanuvchilarning mavjud bilim-saviyalarini o‘stirishga hissa qo‘shish, ko‘zi ojiz kompyuter foydalanuvchilari harakatini yanada jadallashtirish va o‘sib kelayotgan yosh avlod tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilib olgan.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyat boshqaruvlari tashabbusi hamda hamkorligida uyushtirilgan  mintaqaviy tifloforum doirasida mahorat darslari, “Ko‘zi ojizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishlarida imkoniyatlarni kengaytirish yo‘llari” mavzusida davra suhbati, ko‘zi ojiz foydalanuvchilarning mahorat tanlovi, loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

“Eng dolzarb loyiha”, “Yangilikka boy loyiha”, “Eng ilg‘or g‘oya”, “Eng amaliy g‘oya”, “Mufassal bayon etilgan taqdimot” yo‘nalishida ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.

Ilk bor o‘tkazilgan ushbu anjuman mintaqada yashovchi ko‘zi ojizlar mehnatda mashg‘ulligini oshirish, ularning bandligini uyushtirishning noan'anaviy shakllarini izlab topish, bunda jamiyat korxona, tashkilot va muassasalarining ichki imkoniyatlarini ishga solish, ko‘rish nogironlarining mehnat bilan bog‘liq muammolariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratish kabi dolzarb vazifalarni o‘z oldiga qo‘yganligi bilan ahamiyatlidir. Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan muloqotni rag‘batlantirish, rivojlantirish, bu borada ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga jamoatchilik e'tiborini jalb etishdan iborat bo‘lib, “O‘zaro mahorat tajribasini almashib, hayot imkoniyatlarini kengaytiraylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tifloforumda mutaxassislar tomonidan Total Commander dasturiy ta'minotidan ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan kishilarning samarali foydalanish yo‘llari, Elektron pochta orqali muloqotlarning qo‘shimcha imkoniyatlari, “NVDA REMOTE” dasturini qo‘llash, “TEAM TALK” ovozli portalida muloqot qilish yo‘llarini o‘rganish to‘g‘risida ma'ruzalar qilindi.

Tifloforum doirasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi O‘zKOJ korxonalari hamda ko‘zi ojiz hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Aftondil Ismoilov

Top