15:56 / 13.05.2017
8853

Britaniyalik politsiyachi 14 yil narkotik sotib, xufyona ishlagan

Foto: Aline Aronsky

Britaniya politsiyasi serjati Nil Vuds ko‘p yillar mobaynida xufyona ish ko‘rgan — u o‘zini geroin narkomani sifatida ko‘rsatib, yirik jinoiy to‘dalar ichiga kirib borgan. 2016 yil avgustida Vuds «Good Cop, Bad War» («Yaxshi politsiyachi, yomon urush») kitobini chop ettirdi. 11 may kunni Independent nashri sobiq politsiyachi bilan katta intervyu uyushtirdi — suhbat mavzusi narkotik moddalarni qonuniylashtirish va unga qarshi kurashish bema'nilik ekani haqida bordi. «Meduza» nashri sobiq politsiyachining g‘ayrioddiy o‘tmishi haqida hikoya qiladi.

 

14 yillik xufyona hayot

Nil Vuds Solford universitetidan o‘qishdan yiqilib, 19 yoshida politsiyaga ishga qabul qilinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u o‘z hayotida «jur'atliroq biror ish» bilan shug‘ullanishga qaror qilgan. 90-yillar boshida Vudsni narkotik moddalarga qarshi kurashish bo‘limiga ishga qabul qilishadi — bu orada u to‘rt yil oddiy politsiyachi bo‘lib ishlashga ulgurgan edi. Vudsning o‘zi hikoya qilishicha, xufyona tarzda ishlashga uni hamkasblari ko‘ndirishgan: «Ular bu ish uchun men ko‘proq to‘g‘ri kelishimni aytishgandi».

1993 yildan 2007 yilgacha u Lids, Brayton, Nottinghem, Lester va Derbi jinoiy to‘dalarga kiritiladi. Vudsning xotiralariga ko‘ra, dastlabki yillarda uning ishi o‘ta xavfli bo‘lgan — narkotik moddalarga qarshi kurashish hududiy bo‘linmalarida shtatdan tashqari vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqidagi yo‘riqnoma yo‘q edi. Vud aksariyat hollarda o‘zini geroin iste'mol qiluvchi narkoman sifatida tasvirlab, o‘zi uchun yolg‘ondakam o‘tmish to‘qigan. Faqatgina 1996 yilga kelibgina Britaniya politsiyasida xufyona tarzda ishlayotgan xodimlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazila boshlangan (Vudsning o‘zi ham uni o‘tkazishda ko‘mak bergan).

 

FOTO: 1995 yil. Xufyona ishlayotgan Nil Vuds
Normantonda dilerdan narkotik modda xarid qilmoqda. LEAP UK

Agent xufyona tarzzda olib borilayotgan ishi oddiy politsiyachi sifatida ishlash bilan almashlab turgan, ya'ni yarim yil o‘zini narkoman sifatida ko‘rsatsa, yarim yil politsiya idorasida ishlab bergan. Bo‘sh vaqtida narkotik moddalarga ruju qo‘yganlarning fe'l-atvori va umuman narkomaniyani o‘rgangan. 1999 yilda u «Anonim narkomanlar» hamjamiyati qurultoyida qatnashgan.

Qurultoyda Vuds shuni anglab yetdiki, narkotikka ruju qo‘ygan shaxslar — aholining ojiz qatlami bo‘lib, ularni qamash emas, ularga yordam qo‘lini cho‘zish kerak ekan. «Men ilgari ularni odam o‘rnida ko‘rmasdim va bu holatga o‘zlarining mudhish xatolari sabab duchor bo‘lishgan, deb hisoblar edim. Aslida, ular yordamga muhtoj kishilar ekan, judayam ahvoli og‘irligi bois ular o‘zlariga o‘zlari yordam berolmas ekan», — degan Vuds Vice nashriga bergan intervyusida.

2005 yilda Vuds Braytondagi amaliyotga yo‘l oladi. Shahar Britaniyada narkotik moddalarning dozasi oshirib yuborilishi natijasida o‘lim holatlari qayd etilishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turardi. Dilerlar shaharda xufyona operatsiya olib borilganidan xabardor edi, shu sababli narkotik moddalarni tarqatishda og‘uga ruju qo‘ygan boshpanasiz kishilardan foydalanishardi. Vudsning hikoya qilib berishicha, jinoyatchilar «sotuvchilar»dan osongina qutilishardi — ularga haddan ziyod krek yoki geroin berishardi, ular dozani oshirib yuborib, vafot etishardi.

Vuds doimo o‘z hayotida tahdid bilan to‘qnash kelgan. U navbatdagi gangster yoki geroinga ruju qo‘ygan narkomanlar guruhi o‘zini qanday tutishini oldindan aytib bera olmagan. Sobiq politsiyachi undan bir necha hafta mobaynida geroin xarid qilib yurgan diler Vudsning bo‘g‘ziga qilich tirab, u narkotik moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi agenti ekanligini ta'kidlagan voqeani gapirib berishni yaxshi ko‘radi. «U meni o‘ldirsa kerak, deb o‘ylagandim», — deya eslaydi serjant. Aniqlanishicha, diler shunaqa hazil qilib, yangi qilichini maqtamoqchi bo‘lgan ekan.

FOTO: 1995 yil. Xufyona ishlayotgan Nil Vuds
Normantonda dilerdan narkotik modda xarid qilmoqda. LEAP UK

Bundan tashqari, Vuds yangi mahsulotdan tatib ko‘rish takliflariga juda ko‘p duchor bo‘lgan. Kunlardan birida dilerda shubha uyg‘otmaslik uchun, politsiyachi amfetamin iste'mol qilishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng u uch sutka uxlamagan.

 

«Narkotik moddalarga qarshi kurashish — vaqtni behudaga sarflash»

«Good Cop, Bad War» kitobi bosmadan chiqqach, 2016 yilda Nil Fuds tillarga tushdi. Bergan intervyularining barchasida u «narkotik moddalarga qarshi kurashish — vaqtni behudaga sarflash» ekanligini ta'kidlab keladi.

«Men jinoyatchilarni umumiy hisobda 1000 yilga qamoqxonaga jo‘natganman, bu esa geroin keltirishni uzog‘i bilan 2 soatgagina to‘xtatgan, xolos», — deydi Vuds. Politsiyachilarning ishi shunga olib keldiki, narkotik moddalarni qo‘lga kiritish arzon va oson bo‘lib qolgan.

Narkotik moddalarga ruju qo‘yganlarni qamash — masalaning yechimi emas, deb hisoblaydi Vuds. Uning fikricha, narkotik moddalarni tartibga solish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish narkomaniya muammosini hal qilishi mumkin. Misol tariqasida Vuds Shveytsariyani keltirgan, u yerda 1990-yillardan beri geroinga ruju qo‘ygan insonlarni narkotik moddalar o‘rnini bosuvchi vositalar bilan davolash dasturi amalda. Narkotik moddalarga ruju qo‘yganlar tibbiyot kuzatuvi ostida va geroinning nazorat qilinadigan dozasini olib borishadi va bu doza borgan sari kamaytirilib boriladi. Statistikaga ko‘ra, bu dastur sharofati bilan jinoyatchilik darajasi, dozani oshirib yuborishdan o‘lganlar soni va og‘uga yangi ruju qo‘yganlar foizi pasaygan.

Vudsning ta'kidlashicha, moddalar bozorining davlat tomonidan tartibga solinishi jinoiy guruhlarning ta'sirini obro‘sizlantiradi va ularning narkotik moddalarga ruju qo‘yganlarni ekspluatatsiya qilishini yo‘qqa chiqaradi. Sobiq politsiyachi bolalar va o‘smirlarni himoya qilish uchun hukumatning o‘zi yengil narkotiklar bozorini ham tartibga solishi zarurligini ta'kidlaydi.

2015 yildan beri Vuds LEAP («huquq-tartibot organlari narkotiklarga qarshi kurashishga qarshi») Kanada-Amerika tashkiloti raisi vazifasida ishlamoqda. Unga narkotik moddalarning qonuniylashtirilishini istovchi sobiq agentlar, politsiyachilar va harbiylar a'zo.

«Bizning bosh maqsadimiz — narkotiklarga qarshi e'lon qilingan urush oqibatlarini yumshatish, shuningdek, o‘lim holatlari, kasalliklar, jinoyatchilik va narkotik moddalarga ruju qo‘yish sonini kamaytirish», — deyiladi tashkilot saytida.

LEAPning Buyuk Britaniyadagi vakolatxonasi ochilishida Vuds o‘z ishi bilan «ojiz insonlarning hayotini yanada chidab bo‘lmas darajaga keltirgani»ni aytib, bu ishlari, shunchaki, vaqtni behudaga sarflash bo‘lganini takrorlab o‘tgan.

Mavzuga oid
Top