21:20 / 14.05.2017
20574

Poroshenko Putin bilan so‘nggi suhbati tafsilotlariga oydinlik kiritdi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqotida Rossiyada josuslikda ayblanayotgan Ukraina fuqarosi Roman Sushenkoning ozod qilinishi masalasini muhokama qilgani haqida ma'lum qildi. RIA "Novosti" shu haqida  ma'lumot berdi. 

"Mening Putin bilan oxirgi muloqotim faqat mahbuslarga oid bo‘ldi. Jumladan biz Sushenkoning darhol Rossiya qamog‘idan ozod qilinishiga doir iltimosimni muhokama qildik. Bu muzokaralar natijasida Roman qamoqda o‘z oila a'zolari bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldi", - dedi Poroshenko yakshanba kungi matbuot anjumanida. 

Ukraina rahbari so‘nggi muloqotning aynan qachon bo‘lgani haqida ma'lum qilmadi. 

Aprel oyi oxirida "Kommersant" gazetasi Rossiya va Ukraina prezidentlari telefon orqali muloqot qilishda davom etishayotgani, so‘nggi suhbat esa Ukraina tomoni tashabbusi bilan aprel oyining birinchi yarmida bo‘lib o‘tgani hamda Donbassdagi vaziyatga bag‘ishlangani to‘g‘risida yozgan edi. Biroq nashrning Poroshenkoga yaqin manbasiga ko‘ra, rasmiy Kiyev prezidentlar suhbatini tan olgisi kelmagan. 

"Ukrinform" milliy agentligi bundan avval Sushenko 2002 yildan buyon ularning muxbiri ekani haqida ma'lum qilgan edi. Nashrda josuslikka doir ayblovlarni inkor qilishdi va jurnalist mehnat ta'tilida ekani, Moskvaga esa shaxsiy ishlari bo‘yicha borganini ta'kidlashdi. 

RF TIVda ta'kidlanishicha, Sushenko vazirlikda  jurnalistlik akkreditatsiyasidan o‘tmagan. Advokat Feyginning so‘zlariga ko‘ra, uning mijozi o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. 

Top