19:49 / 23.05.2017
6704

Dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri – SAPning xorijiy eksperti bilan maxsus intervyu

Bugungi kunda HR sohasi mamlakatning barcha sohalarida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni yaqindagina DaVinci Solutions kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonda eng talabgir bo‘lgan mutaxassislar” tadqiqoti orqali ham bilish mumkin. Unga ko‘ra, kompaniyalar, davlat tashkilotlarida aynan, HR direktori va xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj katta ekanligini ko‘rish mumkin.

SAP — korporativ dasturlar bozoridagi dunyoning eng yetakchi kompaniyalaridan biri. SAP har qanday hajm va ixtisoslashuvdagi tashkilotlarga o‘z biznesini samarali boshqarishga yordam beradi.

Hozirgi kunda SAP xizmatlaridan 345 000 ortiq mijoz foydalanadi. Kompaniyaning ilg‘or texnologiyalari yuqori daromadni kafolatlaydi hamda barqaror o‘sish va doimiy moslashuvga hissa qo‘shadi.

Bugun biz jahonga mashhur kompaniyaning eng faol ekspertlaridan biri bilan suhbat qurib, HR (inson resurslari) sohasidagi o‘zgarishlar, xodimlar bilan ishlashdagi yangi innovatsion texnologiyalar haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldik.

Tanishing: Andrey Kulikov – SAP kompaniyasining biznes-transformatsiya bo‘yicha eksperti. U mijozlarga HR transformatsiyasining strategik rejalarini tuzishga, rejalashtirilgan o‘zgarishlar samarasi va natijasini hisoblashga yordam beradi.

Andrey Kulikov Kursk Davlat universitetining informatika mutaxassisligini tamomlagan. U xodimlar boshqaruvi uchun dasturiy ta'minotni kiritish sohasida 13 yildan ortiq faoliyat olib bormoqda. 2014 yildan beri Germaniyada yashaydi. Rossiya, MDH, Markaziy va Sharqiy yevropalik mijozlar bilan ishlab kelmoqda.

- Raqamli texnologiyadan foydalanish kadrlar boshqaruvi jarayoniga qanday ta'sir ko‘rsatadi? AT uskunalari xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni qurishga qanchalik yordam beradi?

- Kadrlar boshqaruvi jarayoni raqamlashtirilmasa, u samarali ishlamaydi. Agar gap 10-20 yoki 40 ta xodimdan iborat kompaniya xususida borayotgan bo‘lsa, albatta, barchasini qo‘lda bajarish mumkin. Biroq kompaniya o‘sib borsa va yanada raqobatbardosh bo‘lishni istasa, ertami-kechmi quyidagicha savol paydo bo‘ladi: kadrlarni boshqarish jarayonini qanday qilib tezlashtirish, osonlashtirish hamda xarajatlarni kamaytirish mumkin? Istalgan biznes pullarni hisoblab boradi. Bizning vazifamiz esa kompaniyaga kerakli raqamli uskunani tanlashiga yordam berishdir. Bu jarayon boshqacha qilib – HR transformatsiya deb ham ataladi. Barcha jarayonni avtomatlashtirgan holda biz tezkor, samarali va tejamkor jarayonni yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

- HR sohasida raqamli uskunalar orqali hal etiluvchi muhim vazifalar nimalardan iborat?

- Bizga ma'lumki, istalgan jarayon inson tomonidan boshqariladi.  Jumladan, HR mutaxassislar xodimlar bilan suhbat quradi, ularning maoshlari, tajribasi, muammolari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qiladi.  Biroq bu ish katta hajmdagi ma'lumotlar bazasini yuritish bilan bog‘liq. Menejyer tajribali xodim ishga olinishini so‘raydi, xodim esa, o‘z navbatida, yetarlicha maosh olishni istaydi. Rahbar esa direktorlar kengashida daromadlar foizi oshishini talab qiladi.

Shunday vaqtda HR raqamli texnologiyalarni qo‘llash talab etiladi. Avtomatlashtirish - istalgan kompaniyaning ajralmas qismidir. Bu yerda nafaqat ishlab chiqarish, balki insonlar bilan ishlash jarayoni ham avtomatlashtiriladi. Shu sababli oddiy va tushunarli interfeyslarni joriy qilish katta ahamiyatga ega. Inson kapitali – kompaniyani muvaffaqiyatga yetaklovchi asosiy omil.

- Innovatsiyalar orqali qanday natijalarga erishish mumkin?

- O‘z biznesi doimo rivojlanib borishini istagan rahbarlar qayta ishlash va o‘zgarib borishga, tavakkal qilishga tayyor turadi. Kadrlar boshqaruvi ham doimo yangilanishi va yaxshilanishi zarur. Chunki bozor o‘zgarib boradi. O‘zida yangi innovatsiyalarni joriy qilgan raqobatchilar yaxshi xodimlarni ilib ketadi va siz eng yomon nomzodlar bilan qolasiz. Avvalgi davrlarda, yoshi katta kishilar bir yerda kerak bo‘lsa, 40 yildan ortiq muddatda faoliyat olib borishgan. Hozirgi zamonaviy yoshlar esa o‘z ishini butun hayotlari davomida 15-17 martagacha ham almashtirishga tayyor.

Agar biz yaxshi kadrlarni qayta tayyorlamay, o‘qitmay, ularning ehtiyojini qondirmasak, xodim bilan birga unga sarflagan vaqtimiz, xarajatlarimizni ham yo‘qotamiz. Shuning uchun, hozirgi vaqtda inson resurlari bilan ishlash jarayoni innovatsion bo‘lishi juda zarur.

- Kompaniya xodimlari innovatsion texnologiyalar va yondoshuvlarni qanday qabul qilmoqda?

- Bu albatta, ishchilarning yoshiga bevosita bog‘liq. Katta yoshdagilar anchayin konservativ bo‘lib, o‘zgarishga tayyor emas. Ular kompyuter, yangi texnologiyalar bilan yaxshi «til topisha olmaydi». Yoshlar uchun esa bu ochiq va tabiiy holat. Ular mobil dasturlar orqali ishxonada sodir bo‘layotgan ko‘plab jarayonlardan xabardor bo‘lishi mumkin. Biroq yoshi kattalar ham vaqt o‘tgan sayin bunga ko‘nika boshlaydilar. Bu, asosan, insonni psixologik fe'l-atvoriga bog‘liq. Biz doim yangiliklarga qarshilik ko‘rsatishga odatlanganmiz.

Ayni shu damda rahbarlar, tadbirkorlar, ish boshqaruvchilar o‘z istagi, ishtiyoqi bilan kompaniyada ishlayotgan barcha xodimlariga «o‘zgarish madaniyati»ni singdira olishi lozim. Fikrimcha, o‘zida o‘qita olish, rivojlanish, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirgan rahbar qo‘li ostidagi izdoshlarini ham innovatsiya jarayonlariga moslashtira oladi. O‘zbekistonda esa boshliqqa bo‘lgan hurmat, yaxshi munosabat bu borada yaxshi ko‘mak beradi.

- Kattalarni tajribasini oshirishda qaysi usullardan foydalanish yaxshi samara beradi?

- Ko‘pchilik trening, seminarlar, o‘quv kurslari tashkil etadi va buni malakani oshirishda juda ham ahamiyatli, deb hisoblashadi. Mening fikrimcha, eng yaxshi yondoshuv – bu ish jarayonidagi mahorat oshirish darslaridir. Bunda kompaniya ichidagi eng ziyrak, aqlli xodimlar tanlab olinadi va ular hamkasblariga yangi texnologiyalar bo‘yicha ma'lumot berishadi. Agarda xodim bir kunlik ish vaqtini sarflab, hujjatlarni kiritsa, yangi texnologiyalar yordamida bu ishni ikkita tugmani bosgan holda ikki daqiqada bajara olish imkoniga ega. Bu kabi afzalliklarni anglagan ishchilar, albatta, o‘z-o‘zidan yangi texnologiyalarning samarasini his etadi va o‘rganishga kirishadi. Ichki treninglar jamoaviy ruhni ham shakllantirishga xizmat qiladi.

Buning uchun rahbariyat alohida e'tibor va vaqt ajratishi zarur.

- Aytingchi, ayni damda kadrlar boshqarishda qaysi raqamli uskunalar mashhur?

- Hozirda dunyoda turli uskunalardan keng foydalaniladi. Ulardan uchtasini misol qilib keltirib o‘tish mumkin:

1. Mashina ta'limi. Zamonaviy kompyuterlar shunchalik kuchliki, ular katta hajmdagi ma'lumotlar bazasini tahlil qilish, qayta ishlash va yig‘ishga qodir. Mashina ta'limi barcha sohalarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

2. Internet buyumlar. Bu katta tushunchani o‘z ichiga kamrab oladi. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, internet buyumlar insonlarning mobil ilovalari hamda HR tizimni birlashtiradi.

3. Katta ma'lumotlar. Tahlil. Bu kadrlar boshqaruvida juda katta ahamiyatga ega. Barcha kompaniyaning xodimlar tarixini qayd etib boruvchi ma'lumotlar ombori mavjud: kim ishga olindi? Maoshi qancha? Nima sababdan ishdan bo‘shadi? Biz mana shunday ma'lumotlarni yig‘ayotib, ularni tahlil qilish, muammoni o‘rganish imkoniga ega bo‘lamiz. Bu orqali esa xodimlar ishini kuzatishda va ularga kerakli sharoitlarni yaratib berishga muvaffaq bo‘lamiz. Bizda ma'lumotlar bor, faqat uni qayta ishlay olishimiz zarur.

- Xorijiy ekspert sifatida, O‘zbekistonda xodimlar bilan ishlash bo‘yicha qanday maslahat va tavsiyalarni bera olasiz?

- Fikrimcha, O‘zbekistonning bu borada salohiyati katta. Sababi, aholining katta qismini yoshlar tashkil etadi va bu yoshlar, albatta, ish bilan ta'minlanishi zarur. Ular yaxshi hayot kechirishni, katta maosh olishni istashadi. Bu borada men rahbarlar va davlat idoralarining tez-tez aralashuvini yoqlamayman. O‘zbekistonda yosh kadrlarni ishga joylash, ularni ish jarayoniga moslashtirish, malakasini oshirish uchun katta sarmoyalarni amalga oshirish zarur. Xususiy bizneslar orqali yoshlarga yordam berish uchun turli loyihalarni joriy qilish kerak.

Agar mamlakatda kadrlar bilan ishlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar joriy qilinmasa, yoshlar o‘z yurtini tashlab ketishga, yaxshiroq ish topishga majbur bo‘ladi. Osiyo davlatlarining, jumladan, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Filippin muvaffaqiyatli tajribasi bu borada yaxshi misol bo‘la oladi. Ular ta'lim tizimiga katta o‘zgarishlar kiritib, insonlar uchun investitsiyalar ajratishdi. O‘ylamaymanki, O‘zbekiston ham mana shu yo‘ldan bora oladi.

Top