29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy mamlakatlariga tashriflari davomida hamda Turkiya rahbari bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha imzolangan bitimlar, shartnomalar va muayyan sohalarda o‘zaro sheriklikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish jarayonining holatini tahlil qilish va baholashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yig‘ilishda Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi. 

Davlat rahbari O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga joriy yildagi tashriflari 2016 yilgi Prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy safarlar bo‘lib, ularning natijalari strategik sheriklar bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta'kidladi. 

Qayd etish kerak, har bir tashrif yakunida bitim va shartnomalar qatorida qiymati bir necha milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan ko‘plab loyihalar imzolandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida har bir loyihani alohida muhokama qilib, to‘la amalga oshirishga oid masalalar, jumladan, moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Loyihalarning “yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, ularning bosqichlari, ijro mexanizmlari va mas'ul shaxslar belgilab olindi. 

Davlat rahbari bu borada muhim kelishuvlarga erishilganiga qaramay, ayrim rahbar xodimlar imzolangan hujjatlar ijrosini ta'minlashga eskicha yondashayotgani, iqtisodiy hayotimizda ustuvor ahamiyat kasb etadigan, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholining turmush farovonligini oshirish imkonini beradigan bu masalaga yetarlicha mas'uliyat bilan qaramayotganini chuqur tahlil asosida, aniq misollar orqali ko‘rsatib berdi. 

Barcha zarur hujjatlar qabul qilingani, yangi tuzilmalar tashkil etilgani, eksportchi va sarmoyadorlar uchun har tomonlama qulaylik va imtiyozlar berilgani, bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizdagi xalqaro iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik sub'yektlarining samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, hozircha aniq natijalar ko‘zga tashlanmayapti, ijro muddatlari ortga surilmoqda. 

Buning sabablaridan biri ishonchli xorijiy sherik va moliya manbalari mavjud bo‘lmagan holda samarasiz loyihalar tayyorlash, amalda foyda bermaydigan hujjatlar imzolash holatlari bilan bog‘liqdir. Bunday loyihalarning monitoringini yuritish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti. Iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi ahvol qoniqarli emas.