12:39 / 10.06.2017
9616

Milliarder Baffett bilan tushlik huquqi 2,6 mln dollarga sotildi

Amerikalik sarmoyador Uorren Baffett bilan birgalikda tushlik qilish huquqi har yillik xayriya kimoshdi savdosida 2,6 mln dollarga sotildi. Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, huquqni sotib olgan mijoz ism-sharifi sir qolishini xohlagan. 

Millirder tomonidan tashkil etiladigan kimoshdi savdosi 18-marta eBay internet savdo maydonida o‘tkazildi. Savdo g‘oliblari odatga ko‘ra, Baffett bilan tushlik qilish va unga o‘zi istagan savolni berish huquqiga ega bo‘ladi. Sarmoyador kimoshdi savdosidan tushgan mablag‘larni Glide Foundation jamg‘armasi hisobiga o‘tkazadi. Bu fond Kaliforniyaning San-Frantsisko shahridagi uysizlarga ko‘mak beradi. O‘tgan kimoshdi savdolari davomida Baffett 24 mln dollardan ortiq mablag‘ to‘plashning uddasidan chiqdi. 

"Glide g‘amxo‘rliklariga guvoh bo‘lgan har kim xayrli ishlar borligiga ishonadi", - deya sarmoyador so‘zlarini keltiradi agentlik. Baffettning aytishicha, u ushbu xayriya tashkilotiga mablag‘ yig‘ish amaliyotini rafiqasi Syuzan bois boshlagan. U 2004 yilda vafot etgunicha Glide Foundation jamg‘armasida ko‘ngilli sifatida faoliyat yuritgan. 

O‘tgan yili kimoshdi savdosidan rekord darajadagi mablag‘, 3,45 mln dollar pul tushgan edi. 2015 yili Xitoyning Dalian Zeus Entertainment kompaniyasi Baffett bilan tushlik qilish uchun 2,34 mln dollar mablag‘ini tikkan edi.

Uorren Baffett mijozi bilan tushlikni Nyu York markazidagi Smith and Wollensky restoranida o‘tkazadi. Savdo g‘olibi o‘zi bilan birga yana 7 nafar kishini taklif qilish huquqiga ega bo‘ladi. 86 yoshli sarmoyadorning so‘zlariga ko‘ra, odatda bu kabi tushliklar 3 soat davom etadi. Unda suhbatdoshlar ko‘plab turli savollarni muhokama qilishadi. Muloqotda birgina taqiqlangan mavzu bor, u ham bo‘lsa milliarderning bo‘lg‘usi investitsiya rejalari.
 
Baffett rahbarlik qiladigan Berkshire Hathaway xoldingi yillar davomida konglomeratga aylanib, 80ga yaqin kompaniyani o‘zida birlashtirgan. Ular sug‘urta, investitsiya, mebel ishlab chiqarish va sotish, zargarlik, kiyim-kechak va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi. 

 

Mavzuga oid
Top