11:26 / 29.06.2017
6135

Ilon Mask: «Kuni kelib, kosmik kemalarni uzluksiz uchirishga o‘tamiz»

Foto: Getty Images

So‘nggi dam olish kunlari Ilon Maskning «Tvitter»dagi faolligi juda kuchaydi. Injyener, milliarder, filantrop va shunchaki daho o‘z obunachilarining savollariga javob qaytarar ekan, o‘zining SpaceX kompaniyasini qaysi yo‘nalishda rivojlantirishni istashini ham muhokama qildi, deb yozadi Hi-News.ru. 

Mask Falcon 9 raketalarining qay tarzda modernizatsiya qilingani haqidagi savollarga ham javob berdi. Gap birinchi pog‘onani qo‘ndirishda foydalaniladigan panjarali rullar haqida bordi. Alyuminiydan tayyorlangan rullar titanlisiga almashtirildi. Ular raketani birmuncha og‘irlashtiradi, biroq qo‘nishda pog‘onaning yuqori haroratiga chidamliroq qiladi va undan ko‘proq foydalanish imkoniyatini yaratdi.

Ikkinchi bor muvaffaqiyatli uchirish va qo‘ndirishdan so‘ng (dam olish kunlari ikki bor raketa uchirib-qo‘ndirildi) Mask yangi panjarali rullar kutilganidan ham yaxshiroq ishlagani va ulardan «amalda xizmat ko‘rsatishlarsiz cheksiz foydalanish mumkin»ligini ta'kidlab o‘tdi. Bu esa, birinchi navbatda, qayta parvozlarni tashkillashtirishda vaqtinchalik xarajatlar miqdorini jiddiy tarzda kamayishiga olib keladi. Maskning ta'kidlashicha, kompaniyasining maqsadi — 24 soat ichida raketalarni qayta uchirishga tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lish darajasiga yetishish.

SpaceX rahbari Marsni o‘zlashtirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirishdagi eng muhim jihatlaridan biri u yerga insonlarni jo‘natish xarajatlari ekanligini qayd etgan. Yaqinda New Space nashriga bergan intervyusida Ilon Mask Marsni «o‘zlashtirish» masalalarida narx siyosatining asosiy omillariga aniqlik kiritib olganini aytib o‘tgan edi.

«Toki bir kishi uchun chipta narxi 10 milliard dollar bo‘lib turar ekan, siz barqaror va to‘liq o‘zini-o‘zi ta'minlovchi sivilizatsiyani qura olmaysiz», — degan Ilon.
Maskning fikricha, bir kishidan chipta uchun olinadigan qiymat 200 ming dollardan oshmasligi kerak, bu esa AQShdagi oddiy bir uyning narxiga teng.
Raketalarni modernizatsiya qilish va ularning umrini uzaytirish ham iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bu holatda uchirishlar orasida raketa eltuvchilarni tayyorlashga kamroq vaqt sarflanadi, ishlatilgan raketalarga xizmat ko‘rsatuvchi jamoalarni esa qisqartirish mumkin. SpaceX raketlarining qanchalik ko‘proq yerga qaytarish mumkin bo‘lsa, uchirishlarning bahosi ham, ularga chiptalar ham shunchalik arzon bo‘laveradi. 

SpaceX’da raketa tashuvchilarni ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamaytirishga yo‘naltirilgan yana qancha g‘oya zaxira qilinganini aytish qiyin, biroq hozirdan ko‘rinib turibdiki, kompaniya kosmik uchirishlarni o‘tkazish usuli va siyosatida chinakam inqilobiy o‘zgarishlar joriy etmoqda, va shubha yo‘qki, kelajakda ham bu ish bilan shug‘ullanishda davom etadi.

Mavzuga oid
Top