Jahon | 07:22 / 06.07.2017
19347
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Shimoliy Koreyaga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyorligini bildirdi

Foto: Global Look Press/Josef Beck

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli BMT Xavfsizlik kengashining 5 iyuldagi majlisida Vashington Shimoliy Koreyaning o‘zini tutishini o‘zgartirish uchun barcha imkoniyatlarni, jumladan harbiy kuchni ishga solishga tayyorligini aytdi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.   

4 iyulga o‘tar kechasi Shimoliy Koreya navbatdagi ballistik raketani uchirgandi.

"AQSh o‘zini va ittifoqdoshlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor. Imkoniyatlarimizdan birini qurolli kuchlarimiz tashkil qiladi. Agar kerak bo‘lsa biz uni qo‘llaymiz, biroq biz bu yo‘nalishda ketishni istamaymiz", deb aytgan Xeyli.
 
Xeylining aytishicha, AQSh nafaqat Shimoliy Koreya, balki u bilan biznes olib boradigan barcha davlatlarga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi.

"Biz nafaqat Shimoliy Koreyaga, balki bu quvg‘indi tuzum bilan biznes yuritadigan istalgan davlatga e'tibor qaratamiz", deb qo‘shimcha qilgan Xeyli.
 
U "BMT sanksiyalariga amal qilish bo‘yicha katta vazifa Xitoy zimmasiga tushishini" aytdi. Xitoy zimmasiga Shimoliy Koreya bilan savdoning 90 foizi to‘g‘ri keladi. 

Xeyli agar Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar BMT Xavfsizlik kengashi tomondan ma'qullanmasa, AQSh "o‘z yo‘li" bilan ketishini aytdi va Shimoliy Koreyaning oxirgi raketa sinovlariga javoban rezolyutsiya loyihasi tayyorlanayotganini e'lon qildi. Bu loyiha yaqin orada taqdim qilinadi.  

Mavzuga oid