21:00 / 08.07.2017
21928

“Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovining chorak final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi

"Turkiston" saroyida joriy yilning 8 iyun – 1 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi hamda Zo'r-TV telekanali hamkorligida tashkil etilgan "Quvnoqlar va zukkolar" respublika ko‘rik-tanlovining chorak final bosqichi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Talabalarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan “Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovining mazkur bosqichi doirasida 8 ta bellashuv o‘tkazildi. Bellashuvlarda 40 ta jamoa ishtirok etdi va turli shartlar asosida o‘z bilim va mahorati, hozirjavobligi, intellektual salohiyatini namoyish etdi.

Ma'lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz, ko‘rik-tanlovning bu yilgi ilk saralash bellashuvlari 4 aprel – 12 may kunlari o‘tkazilgan. Ularda O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalaridan 77 jamoa tarkibida mingga yaqin talaba ishtirok etgan.

Chorak final bosqichi yakunlariga ko‘ra, Nukus davlat pedagogika institutining “Turon”, Termiz davlat universitetining “Surxon yoshlari”, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining “Dizayn”, Toshkent davlat agrar universitetining “Yangi yulduzlar”, O‘zbekiston milliy universitetining “Shovvozlar”, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining “O‘zbegim”, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Targ‘ibot”, Qarshi muxandislik iqtisodiyot institutining “Barkamol avlod”, Andijon mashinasozlik institutining “Beklar”, Navoiy davlat konchilik institutining “Talablarga binoan talabalar”, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Bolalar” hamda Toshkent moliya institutining “Moliyachi” jamoalari navbatdagi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Mazkur bosqichda g‘olib bo‘lgan yuqoridagi 12 ta jamoa joriy yilning noyabr oyida “Turkiston” saroyida o‘tkaziladigan yarim final bosqichida finalga chiqish uchun o‘zaro bellashadilar.

“Quvnoqlar va zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichi dekabr oyida “Istiqlol” san'at saroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top